Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent – vodiy yo‘lining bir qismida maksimal tezlik pasaytirildi
Toshkent viloyati kengashi Toshkent-Andijon yo‘lining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi 103−131-kilometrlari oralig‘ida tezlik cheklovlarini pasaytirishni ma’qulladi. Yengil avtomobillar uchun maksimal tezlik 80 km/soat, og‘ir yuk mashinalari uchun esa 50 km/soat etib belgilanadi.
Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon» xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida ruxsat etilgan harakat tezligi pasaytiriladi. Bu Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 8 iyundagi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 103–131-kilometrlari oralig‘ida, uchta aholi yashash joyidan tashqarida joylashgan qismlarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tezlik cheklovlari joriy etiladi.
Hujjatga muvofiq, M1, M2 va N1 toifasidagi transport vositalari, ya’ni yengil avtomobillar, 8 nafardan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchiga mo‘ljallangan mikroavtobuslar hamda og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari uchun maksimal tezlik soatiga 80 kilometr etib belgilanadi. N2 va N3 toifasidagi, ya’ni og‘irligi 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtomobillari, jumladan, yirik yuk mashinalari uchun esa tezlik cheklovi soatiga 50 kilometrga tushiriladi.
Qaror ilovasida keltirilishicha, hozir mazkur uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 100 kilometrni tashkil etadi. Yangi tartib 103–104, 105–106, 108–109 va 109–131-kilometrlar oralig‘idagi qismlarga tatbiq etiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, tezlikni pasaytirish tashabbusi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy maxsus komissiya taklifi asosida ishlab chiqilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan va muhokama muddati 27 may kuni yakunlangan.
Qarorga muvofiq, «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi o‘n kun muddat ichida mazkur hududlarda 80 va 50 km/soat tezlik cheklovlarini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatishi kerak.
Toshkent viloyati kengashi qarorda tezlik cheklovlarini o‘zgartirishdan maqsad fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish ekanini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
09:05 / 12.06.2026
120 ming dollarlik qalbaki pulni sotishga uringanlar qo‘lga olindi
09:00 / 10.06.2026
Zangiotada yirik kumush savdosiga chek qo‘yildi
11:50 / 08.06.2026
Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
09:15 / 08.06.2026