Iqtisodiyot | 15:02 / 23.12.2025
3515
2 daqiqa o‘qiladi

2026 yildan bojxona yig‘imlari kamayadi va imtiyozlar joriy etiladi

Prezident farmoni bilan bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini soddalashtirish choralari belgilandi. Xususan, 2026 yildan oldindan va davriy deklaratsiyalashda bojxona to‘lovlarini amalga oshirish tartibi yengillashtiriladi. 

Foto: Kun.uz

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishda:

  • bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;
  • bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

Shuningdek, 2026 yil 1 maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Farmonda, bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan hollarda ayrim toifadagi bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkazish mexanizmini kengaytirish ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarni egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun to‘lovlarni qaytarish va o‘zaro hisobga olish tartibotlarini soddalashtirish, shuningdek qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi operatsiyalarda ayrim ruxsatnoma talablarini bekor qilishga doir qo‘shimcha yengilliklar belgilangan.

Mavzuga oid