O‘zbekiston | 21:32 / 28.01.2026
5343
6 daqiqa o‘qiladi

IIV tizimida tayinlovlar, 1 yil saqlanadigan sim-karta va muomaladagi soxta “prava”lar – mahalliy dayjest

Ichki ishlar vazirligi tizimida tozalashlar bugun ham davom etdi. Tuman hokimi ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamentiga rahbar bo‘ldi. Endi sim-kartalarda puli qolmaganda ham raqamlar 1 yilgacha o‘chib ketmaydigan bo‘ladi. Davlat xizmatlari markazlari minglab fuqarolarga qalbaki haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘ldi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

IIVda rokirovkalar

Vazirning birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i Ayubxon Rahmatullayev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini shu kunga qadar favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Botir Qudratxo‘jayev egalladi.

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i Davron Nazarmuhamedov ham lavozimidan olinib, uning o‘rniga Prezident administratsiyasida ishlab kelgan Diyorbek Sattorov tayinlandi.

Amalda Milliy gvardiyani boshqarib kelgan Rustam Jo‘rayev ham IIV rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi. U ayni paytda vazirlikning Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i ham hisoblanadi.

Bu lavozim o‘tgan yil dekabrida Bekmurod Abdullayev ishdan olinganidan buyon bo‘sh turgandi. Ma’lumot uchun Bekmurod Abdullayev 180 mlrd so‘mdan oshiq davlat mablag‘ini talon-toroj qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan.

Shuningdek, ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Rustam Mirzayev tayinlandi. U bunga qadar Prezident administratsiyasida ishlagan.

Yana bir muhim yangilik tuman hokimining qamoqxonalarni nazorat qiladigan tashkilotga boshliq etib tayinlanishi bilan bog‘liq. Toshkent shahri, Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov prezident farmoyishi bilan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Umarxonov 2000 yilda IIV akademiyasini tamomlagan va shundan keyin uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan. 2020 yilda IIV Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2021 yil avgust oyida Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi sifatida ish boshlagan edi.

Ma’lumot uchun, Jazoni ijro etish departamentining sobiq rahbari Rustam Tursunov o‘tgan yili noyabrida lavozimidan olingan edi. U ham Bekmurod Abdullayevga bog‘lanadigan yirik miqdordagi korrupsiya ishida ayblanib, qamoqqa olingan.

Milliy gvardiya rahbari o‘zgardi

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Bahodir Toshmatov O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi. U 1992–1999 yillarda Mudofaa vazirligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, 1999–2008 yillarda Mudofaa vazirligi harbiy okruglari qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan. 2020 yil martidan oktyabrigacha Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) raisi bo‘lgan, shundan so‘ng Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Mobil aloqa xizmati qoidalari o‘zgartirildi

O‘zbekistonda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri qabul qilindi. Hujjatda iste’molchilarga qulaylik yaratuvchi qator yangiliklar belgilandi.

Jumladan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablag‘ xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish («mavjud bo‘lmagan raqam holatiga o‘tkazish») muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.

Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasiga bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi (bundan muayyan guruh yoki ma’lum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish mustasno). Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin (27 apreldan) kuchga kiradi.

2026 yilgi “Ochiq budjet” loyihalari taqvimi e’lon qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yilda “Ochiq budjet” portalida (openbudget.uz) jamoatchilik ishtirokida o‘tkaziladigan jarayonlar taqvimini taqdim etdi.

Yil davomida portalda “Tashabbusli budjet”ning ikkita mavsumi, joriy va keyingi o‘quv yillari uchun “Mening maktabim” hamda “Mening bog‘im” loyihalari o‘tkaziladi.

Xususan, “Tashabbusli budjet”ning 1-mavsumida loyiha kiritish bosqichi 1 fevraldan boshlanib, 20 kun davom etadi. Vazirlikning eslatishicha, joriy yilda loyihalar uchun eng yuqori qiymat chegarasi belgilangan.

Minglab odamga soxta “prava” qilib berganlar ustidan tergov ketmoqda

Haydovchilik guvohnomalari soxtalashtirilgani holati yuzasidan Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan tegishli moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuraturada tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov jarayonida 8 ta viloyatda — Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo hududlarida 1200 nafardan ortiq fuqaroga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani aniqlangan.

Jinoyat ishining keng hajmliligi va murakkabligidan kelib chiqib, Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid