Darsliklar, tanlanadigan fanlar va yangicha baholash tizimi: maktab o‘quvchilarini qanday o‘zgarishlar kutyapti?
Bu yil darsliklar uchun ijara to‘lanadimi? Yuqori sinf o‘quvchilari qaysi fanlarni tanlab o‘qishi mumkin? Maktablarda an’anaviy baholash tizimidan voz kechiladimi? Kun.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norboyeva bilan suhbatda shu kabi savollarga aniqlik kiritdi.
O‘zbekistonda yangi o‘quv yili boshlanishiga juda oz vaqt qoldi. Bu yildan boshlab barcha 1-4-sinf o‘quvchilari yangi avlod darsliklari asosida ta’lim oladi. Buning uchun kitoblar 770 nomda 72 mln nusxada chop etilmoqda. Xo‘sh, darsliklarning ijara masalasi qanday bo‘ladi? Boshlang‘ichdan tashqari, yuqori sinfdagilarga ham yangi kitoblar beriladimi? Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norboyevaning aytishicha, bu yil ham o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi bepul bo‘ladi.
“O‘tgan o‘quv yilida ham bu narsa joriy etilgandi, bu yil ham u amalda. Ya’ni o‘quvchilar uchun darsliklar bepul tarzda ijaraga beriladi, bunda hech qanday ijara to‘lovi mavjud emas. Bu to‘lovlar davlat budjetidan to‘liq qoplanadi. Yuqori sinf o‘quvchilarimiz uchun Cambridgeʼning informatika darsliklari barcha ta’lim tillarida O‘zbekistonga moslashtirilgan holda chop etilmoqda. Bundan tashqari, 1-11-sinflar uchun Cambridgeʼning ingliz tili darsliklari mahalliylashtirilgan va ta’lim muassasalarida amaliyotga joriy etilgan.
Shuningdek, yangi o‘quv yilida fransuz tili bo‘yicha xorij nashriyoti bilan shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, 1-11-sinflar uchun fransuz tili darsliklarini mahalliylashtirish, moslashtirish hamda ta’lim muassasalarimiz uchun chop etib berish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, nemis tilini sifatli o‘qitish uchun ham Germaniya tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomamizga muvofiq, nemis tili darsliklari ta’lim muassasalarimizga yetkazib berildi”, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i.
Sentyabrdan boshlab respublikadagi 124 ta maktabda tanlov fanlari amaliyoti tajriba-sinov tarzida joriy etiladi. Bu yildan 10-11-sinf o‘quvchilari 11 ta majburiy fandan tashqari, 2 ta o‘zlari istagan yo‘nalishda kerakli fanlarni o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bunda tanlov fanlari 4 ta yo‘nalishga bo‘lingan.
“Tanlov fanlar tajriba-sinov tarzda yo‘lga qo‘yilayotgani uchun bu yil ularni 4 ta yo‘nalishda taqdim etyapmiz. Ular: kimyo-biologiya, fizika-matematika, ona tili, adabiyot-chet tili, matematika-chet tili yo‘nalishlarida bo‘lyapti. Bunda yuqori sinf o‘quvchilarimiz kelajakda tanlagan kasbi uchun kerak bo‘ladigan fanlar doirasida chuqurroq bilim olishlari ko‘zda tutilmoqda. Mana shu jarayonni tashkil etish uchun avvalo o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatlari inobatga olinishi lozim. Shu maqsadda so‘rovnomalar o‘tkazildi, uning natijalariga ko‘ra, tanlov yo‘nalishlari tanlab olindi va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining dasturlari moslashtirildi. Ya’ni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining yuqori sinflari uchun yaratilgan dasturlar asosida ta’lim jarayonini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda”, – dedi Norboyeva.
Qo‘shimcha qilinishicha, yangi amaliyot uchun ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv dasturlari, qo‘llanmalari umumta’lim muassasalari o‘qituvchilariga taqdim etilgan.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan maktab ta’limiga summativ va formativ baholash tizimi joriy etilishi haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, buning uchun Toshkent shahridan 60 ta, boshqa hududlardan esa 181 ta maktab tanlab olingan. Dilshoda Norboyevaga ko‘ra, yangi baholash tizimi eskisidan ancha farq qiladi.
“Bugungi kunda o‘quvchilarimiz ta’lim muassasalarida 5 balli sistemada baholab kelinmoqda. Har olgan kunlik bahosi ko‘proq choraklik bahosini chiqarishda asosiy, muhim rolni egallagan. Va bu unchalik ham xolis baholashga kirmaydi, chunki o‘qituvchi bolalarni 5 balli tizimda nisbiy baholab keladi. Yangi baholash tizimi mezonlarga asoslangan bo‘lib, bunda o‘quvchining aniq qaysi bilimi, qaysi ko‘nikmasi asosida baholanishi oldindan ishlab chiqilgan bo‘ladi. Shu asosida ularning bilimi, olgan bilimini amaliyotga qo‘llashi, mulohaza, mushohada qilish ko‘nikmalari ham baholanadi.
Formativ baholash asosan o‘quvchini yo‘naltirish, rag‘batlantirish xususiyatiga ega. Bu o‘quvchiga ko‘proq rag‘bat, motivatsiya berishga xizmat qiladi. Summativ baholash esa ma’lum bir bob yakunida o‘quvchi egallashi kerak bo‘lgan standart, bilim va ko‘nikmalar baholanadi”, – deydi mas’ul.
Norboyevaning qayd etishicha, summativ va formativ baholash tizimi ta’limi rivojlangan deyarli barcha mamlakatlarga joriy etib bo‘lingan, bu tizim kelgusida maktab ta’limida inson omili, nisbiy baho berishga barham berish, o‘quvchilarni haqqoniy baholashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish g‘oyasi Shavkat Mirziyoyevning hukumat boshqaruviga kelgan vaqtida, 2016 yilda ilgari surilgan edi. O‘sha yili darsliklarni ishlab chiqishda xorijlik mutaxassislar ham qatnashishi ma’lum qilingandi.
2020 yilda darsliklarni tayyorlash yuzasidan maxsus bot tashkil qilinib, jamoatchilik takliflari yig‘ilgandi. Darsliklarni tayyorlash mas’uliyati Respublika ta’lim markaziga yuklatilgandi.
2021 yilda Sherzod Shermatovdan so‘ng o‘sha vaqtdagi Xalq ta’limi vazirligiga rahbar sifatida tayinlangan Baxtiyor Saidov yangi darsliklarni tayyorlashni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. O‘sha yilning o‘zida fin tajribasi asosida darsliklar ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan yangi avlod darsliklari masalasiga o‘tgan yili dekabr oyida Mirziyoyevning pedagoglar bilan o‘tgan uchrashuvida tilga olinib, yangi o‘quv yilidan barcha boshlang‘ich sinflar uchun joriy etilishi ma’lum qilindi.
Shu yil may oyida esa 10-11-sinflarning tanlov fani tajribasi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilingandi. Bunda o‘quvchilarga 11 ta emas, 8 ta majburiy, 2 ta tanlov fankimyo-biologiya, matematika fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) bo‘lishi aytilgandi.
Maktablar summativ va formativ baholash tizimiga o‘tishi haqida esa shu yil iyun oyida Maktab vazirligi tomonidan “Mezonlarga asoslangan baholash tizimi” mavzusida o‘tgan seminar-treningda ma’lumot berilgandi.
Mavzuga oid
14:50 / 23.10.2024
Misrda ingliz tilidagi ilk O‘zbek tili grammatikasi darsligi yaratildi
11:54 / 29.09.2024
Sobiq sovet davlatlari tarix darsliklarida Rossiya salbiy obrazda tasvirlanayotganidan shikoyat qilindi
16:58 / 12.09.2024
Rossiyada 8-9-sinflar uchun dronlar bo‘yicha darslik chop etildi
12:47 / 26.06.2024