Kun.uz maktab darsliklari yaratilishi, sohaga joriy etilayotgan yangi texnologiyalar bo‘yicha Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov bilan suhbat uyushtirdi.

– Prezidentning 2020 yildagi tegishli farmoniga ko‘ra, maktab darsliklarini chop etish Respublika ta’lim markazi zimmasiga yuklatilgan. Bizga maktab darsliklari yaratilishi borasida, ularning formatlari haqida aytib bersangiz.

– 2020 yildan shu dargohda ish boshladim. Oldimizga maktab ta’limining mazmunini yangilash topshirig‘i qo‘yildi. Shundan so‘ng ko‘p izlandik. Bugungi kunda ta’lim mazmunini nimalar tashkil qiladi, xorijiy davlatlarniki biznikidan qanday farqlanadi, degan masalani ko‘tardik. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, butun dunyoda o‘quvchilarni hayotga tayyorlash tendensiyasi davom etayotgan ekan.

Bu yerda ikkita omil bor: birinchisi, o‘quvchining sinfxonadagi mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni o‘qituvchi sinfxonadagi yagona hokim emas, balki o‘quvchini yo‘naltirib turuvchi, xolos. Shunga ko‘ra, yigirmaga yaqin jihatlarni saralab oldik: ijodiy va kreativ, nostandart fikrlash kabi.

Ikkinchisi — individual qiziqishlarga asoslangan ta’limni yo‘lga qo‘yish. Bu o‘quvchining qiziqishlarini hisobga olgan holda unga ta’lim berish. Davlat ta’lim standartlarida har bir fanning oldiga maqsad qo‘yiladi. Eng katta yutug‘imiz ham shu deb o‘ylayman. Milliy o‘quv dasturida har bir fanning konsepsiyasi mavjud. Shu konsepsiyada har bir fanning oldiga maqsad qo‘yib chiqildi. Shunga ko‘ra, o‘qituvchi dars o‘tayotganda davlat ta’lim standartlari bilan ishlashi kerakligi belgilandi.

Bu vazifani bajarish avvalida darsliklarni qanday tayyorlash borasida juda o‘ylandim. Nashriyotlar ochiqchasiga darslik tayyorlash salohiyatiga ega emasmiz deyishdi. Buning eng katta sababi – mualliflar maktabi keksayib qolganida edi. Yillar davomida bu tizimda shogird tayyorlanmagan. Yosh mualliflar maktabiga ehtiyoj borligini sezdik.

Hozirgi kunda bitta milliy o‘quv dasturini yaratish uchun 246 nafar mahalliy ekspertlar qatnashdi. 20 dan ortiq xalqaro ekspertlar bilan ishlayapmiz. Bugun 350 dan ortiq o‘qituvchi, metodist, olimlar va xalqaro ekspertlardan iborat mualliflar maktabi shakllandi.

Mualliflarimizning o‘rtacha yoshi 40–45 atrofida. Darsliklar 17 yil avval yangilangan ekan. Format masalasi ham xuddi shunaqa.