Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi joriy etilib, yirik kompaniyalar oldiga hisobdorlik talablari qo‘yiladi
O‘zbekistonda aktivlari qiymati va yillik tushumi BHMning 1 million baravaridan oshgan hamda 500 dan ortiq xodim ishlaydigan kompaniyalar – ushbu uchala mezonga muvofiqligi 3 yil davom etgan taqdirda – “jamoat ahamiyatiga ega” deb topilishi va ularga jamiyat oldida hisobdorlik majburiyati yuklanishi kutilmoqda. Xususan, bunday kompaniyalar MHXSga o‘tishi va moliyaviy hisobotlarini audit xulosasi bilan birga ochiq e’lon qilib borishi kerak bo‘ladi.
Foto: Yandex-xaritalar
“Jamoat ahamiyatiga ega tashkilot” huquqiy maqomi joriy etilishi sentabr oyidagi prezident farmonida belgilangan edi. Kuni kecha kompaniyalarga bu maqomni berish mezonlari belgilangan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Prezident qarori
“Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar” (Public interest entities — PIE) huquqiy maqomini joriy qilish haqidagi prezident qarori 2025 yil 15 sentabrda imzolangan. Hujjat 2025 yil 17 dekabrdan kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan qabul qilingan qarorga asosan, faoliyat turi va/yoki aktivlari miqdori tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga, shuningdek, keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega tadbirkorlik sub’yektlari Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi.
Reyestrni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda yuritadi.
Reyestr har yil 1 iyulga qadar yangilanadi va unga kiritilgan kompaniyalar moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHSS)ga o‘tishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, reyestrdagi kompaniyalar audit tekshiruvidan o‘tgan yillik moliyaviy hisobotini audit xulosasi bilan birga korporativ axborotlar portali – openinfo.uz saytida ochiq e’lon qilishi kerak bo‘ladi.
2026 yil fevral oyiga qadar “jamoat ahamiyatiga ega tashkilot” tushunchasini qonunlarga kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim. 2026 yil mart oyigacha jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarda audit tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Taklif etilayotgan mezonlar
12 noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini yuritish to‘g‘risidagi nizomni ochiq muhokamaga chiqardi.
Unga ko‘ra, jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritishning quyidagi mezonlari taklif etilmoqda:
1. Qimmatli qog‘ozlari fond birjasining listingiga kiritilgan va ommaviy ommaviy savdolarga chiqariladigan (publicly traded entity) tashkilotlar.
2. Tijorat banklari va to‘lov tizimi operatorlari
3. Sug‘urta tashkilotlari
4. Investitsiya fondlari
5. Birjalar
6. Bir vaqtning o‘zida oxirgi uch yil davomida hisobot yili yakunlariga ko‘ra:
- aktivlarining balans qiymati BHMning bir million baravaridan;
- tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik tushumi BHMning bir million baravaridan;
- xodimlarining o‘rtacha yillik soni 500 nafardan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari.
7. 1- va 6-bandlardagi mezonlarining bittasiga javob beradigan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalar.
Izoh: BHMning 1 mln baravari ayni paytda 471 mlrd so‘mga teng.
Kompaniyalarning 6-bandda ko‘rsatib o‘tilgan mezonlarga to‘g‘ri kelish-kelmasligi – avvalgi uch kalendar yil yakuni bo‘yicha soliq organlariga taqdim etgan moliyaviy hisobotlari orqali aniqlanadi.
Reyestrdagi kompaniyalar MHXSning barqarorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etish standartlarini (IFRS Sustainability Disclosure Standards) 2027 yil 1 yanvardan boshlab joriy qilishi va 2028 yil yakunidan moliyaviy hisobotlarni ushbu standartlarga muvofiq yoritib borishi lozim.
Reyestrdagi kompaniyalar auditorlik tashkilotini mustaqil tanlaydi, biroq ushbu auditorlik tashkilotning kompaniyaga mas’ul auditor xodimi uch yilda bir marta almashishi lozim.
IMV va Markaziy bankning qo‘shma qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi 22 noyabrgacha davom etadi.
Mavzuga oid
14:17 / 25.03.2026
Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi
18:45 / 15.01.2026
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi nima qilmoqchi? Yangi choralar tasdiqlandi
17:48 / 27.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: “Ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz”
13:29 / 25.12.2025