O‘zbekiston | 16:13 / 31.12.2020
5417
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya dasturi tasdiqlandi. 2021 yilda O‘zbekistonda 34 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi

Dastur doirasida 2021 yil davomida 226 ta yangi ishlab chiqarish obektlari va quvvatlari ishga tushiriladi. 34 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Prezident qarori bilan O‘zbekistonning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Dasturda 3 yil davomida 928 trillion 7 milliard so‘m miqdoridagi markazlashgan va markazlashmagan investitsiyalar, jumladan, 37,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan. 

Hujjatga ko‘ra, 2021 yilda 226 ta yangi va yirik ishlab chiqarish obektlari hamda quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada 34 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Qaror bilan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tuzilmasida Investitsiyadan keyingi monitoring boshqarmasi tashkil etildi.

Boshqarma faoliyati asosan investitsiya dasturlari doirasida yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlari va obektlaridan foydalanish darajasini tahlil qilishga, investitsiya loyihalari bo‘yicha texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan loyiha tashabbuskorlariga ko‘maklashishga qaratiladi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning yanvarida prezident qarori bilan tasdiqlangan 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida 850,5 trillion so‘m investitsiyalar, shu jumladan, 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan edi.

Hujjatda 2020 yil davomida 206ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgani qayd etilgandi.

Mavzuga oid