Jahon | 15:06 / 18.06.2018
9901
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Audi avtokonserni rahbari qo‘lga olindi

Foto: Matthias Schrader / AP

Germaniyada Audi boshqaruvi raisi Rupert Shtadler vaqtinchalik qo‘lga olindi. Bu haqda Sueddeutsche Zeitung yozmoqda.

Ta'kidlanishicha, uning qo‘lga olinishi «dizel mojarosi» bilan bog‘liqdir. O‘tgan hafta uning uyida tintuvlar o‘tkazilgani aytilyapti. Bundan tashqari, Myunxen prokuraturasi unga qarshi ish qo‘zg‘atgan, u «firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirishda» gumonlanmoqda.

Audi vakilining so‘zlariga ko‘ra, boshqaruv raisi 18 iyun kuni ertalab qo‘lga olingan.

«Hozirgi vaqtda hibsga olish qanchalik qonuniy ish bo‘lganini tekshirish davom etmoqda», - deya aytib o‘tdi manba.

2017 yilda Volkswagen AG kompaniyasi ijrochi direktori Oliver Shmidt «dizel mojarosi» bo‘yicha o‘zini aybdor deb tan olgandi. U AQShning Detroyt okrug sudidagi yig‘ilishda konsern dizel avtomobillarining zarari haqidagi ma'lumotlarni qalbakilashtirish bo‘yicha aybdorligini tan olgandi.

Avtokonsern atrofidagi «dizelgeyt» mojarosi 2015 yilda boshlangandi. Hukumat kompaniyani ishlangan gazlarda zararli moddalar mavjudligi haqidagi haqiqiy ma'lumotlarni yashirish imkonini beruvchi dasturni ishlab chiqishda va avtomobillarni shunday dastur bilan jihozlashda ayblagan.

O‘tgan haftada Myunxen prokuraturasi Yevropadagi iste'molchilarga chiqindi gazlardagi zararli moddalar haqidagi ma'lumotlari o‘zgartirilgan avtomobillar sotishga aloqadorlikda gumon qilib, Rupert Shtadlerga nisbatan tergov boshlagandi.

Avvalroq, Braunshveyg prokurori Volkswagen konsernini 1 mlrd yevrolik jarimaga tortgandi. Bunga dizel yoqilg‘isidagi avtomobillar sinovini o‘tkazish qoidalariga amal qilmaslik sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid