Jahon | 11:48
1784
2 daqiqa o‘qiladi

WDR: Germaniya tashqi razvedkasi rahbari Narishkin bilan telefonda gaplashgan

Germaniyaning BND razvedka xizmati yangi rahbari Martin Yyeger Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan telefon orqali suhbatlashgani haqida WDR telekanali xabar berdi. BND ham, SVR ham buni izohlamadi. Avvalroq Narishkin MI6 rahbari bilan ham gaplashganini aytgan edi.

Martin Yyeger Foto: Omer Messinger/ Getty Images

Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) rahbari Martin Yyeger Rossiya Tashqi razvedka xizmati (SVR) rahbari Sergey Narishkin bilan telefonda suhbatlashdi. Bu haqda Germaniyaning WDR telekanali 23 dekabr, seshanba kuni xabar qildi.

WDR ma’lumotiga ko‘ra, suhbat “o‘tgan hafta”, ya’ni 15–21 dekabr kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tgan. Telekanal bunday holatni “Germaniya va Rossiya idoralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaning kam uchraydigan holati” deb atagan. WDR ta’kidlashicha, suhbat mazmuni noma’lum.

Suhbat haqidagi xabar WDR’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi WDR Investigativ (“WDR Tekshiruvlar”) akkauntida e’lon qilingan. Material muallifi sifatida jurnalist Florian Flade ko‘rsatilgan.

“BND, odatda, ehtimoliy razvedka faoliyatiga doir masalalarni omma oldida izohlamaydi”, — deya javob bergan razvedka xizmati WDR so‘roviga.

Rossiya tomoni ham Narishkinning Yyeger bilan suhbatlashganini tasdiqlamagan. 18 dekabr kuni SVR rahbari telefon orqali Britaniyaning MI6 rahbari Bleyz Metreveli bilan gaplashganini aytgan edi.

Yyeger BND'ga 2025 yil sentabr oyida rahbar etib tayinlangan. U avval Germaniyaning Ukrainadagi elchisi bo‘lib ishlagan. Oktyabr oyida esa u Rossiya bilan mojaroning keskinlashuviga tayyor turishga chaqirgan.

“Biz ehtimoliy Rossiya hujumi 2029 yildan oldin bo‘lmaydi, deb o‘ylab, xotirjam bo‘lib qolmasligimiz kerak. Biz bugunning o‘zida tahdid ostidamiz”, — degan edi o‘shanda Yyeger.

Mavzuga oid