O‘zbekiston | 11:59 / 04.06.2026
2850
4 daqiqa o‘qiladi

“Ta’limga tashxis qo‘yadigan odam yo‘q” – Abdurahmon Tashanov

Maktablardagi nizolar, o‘qituvchilarga bosim va o‘smirlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar – alohida hodisa emas, balki tizimli muammo ekani aytilmoqda. Jamoatchilik va mutaxassislar ta’lim sohasini chuqur o‘rganadigan sotsiologik va analitik institutlar yetishmasligidan ogohlantirmoqda.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov maktab ta’limi va yoshlar hayoti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha sifatli sotsiologik tadqiqotlarga ehtiyoj kuchayganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi mojarolar yakka holat emas, balki tizimli muammolar zanjiri bilan bog‘liq. Tashanov bu holatni “zanjir reaksiyasi”ga qiyoslab, avval o‘qituvchining o‘zi turli bosim va kamsitishlarga duch kelishi, keyin esa bu ta’sir ta’lim oluvchilarga o‘tishi mumkinligini aytdi.

«Bu – o‘qituvchiga emas, tag zamirida ilmga bo‘lgan munosabat yotibdi. Agar bizda jamiyatdagi shunaqa muammolarni o‘rganadigan, tahlil qiladigan sotsiologiya institutlari, nodavlat tashkilotlar, jamoat birlashmalari bo‘lganda, o‘ziga yarasha diagnozlar qo‘ysa bo‘lardi.

Afsuski keyingi paytlarda tashxis bilan qiziqayotgan odamlar yo‘q. Masalan, ta’lim yoki boshqa sohada jamiyatshunoslik, psixologik nuqtai nazardan o‘rganadigan tashkilotlar umuman yo‘q. Bu ertaga davlatga trillion-trillion bo‘lib tushadi, hozir kamroq pul sarflab buni o‘rganish mumkin. Ilgari pedagoglarni qayta tayyorlash instituti bazasida shunaqa guruhlar bor edi, yoki Respublika ta’lim markazi bazasida guruhlar bor edi. Hozir ular bor yoki yo‘q – bilmayman.

Ijtimoiy tarmoqqa kirsangiz axborotlarning 30 foizi ta’limdagi muammolar bilan bog‘liq. Maktablardagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq jarayonlar nihoyatda og‘ir. Voyaga yetmaganlar bo‘yicha manzil koloniyalarda ular o‘rtasida jinoyatchiliklarni ko‘rib turaman. Nihoyatda dahshatli faktlar bor. Lekin davlatda mutasaddi tashkilotlarda yetarlicha e’tibor yo‘q. Voyaga yetmaganlar bo‘yicha komissiyalar bor, formal tashkilotlar go‘yoki ishlab turibdi. Lekin tahlil beradigan, OAVga chiqib, odamlarga tushuntirib bera oladigan, biror ko‘rsatuvda chuqurroq tahlil beradigan odamlarning o‘zi yo‘q. Hamma pana-panada gaplashadi, «ta’lim o‘ldi», «ta’lim reanimatsiyada» deydi. Ta’lim uchun hamma qayg‘uradi, lekin shuni siyosat darajasiga ko‘taradigan odam yo‘q.

Fan, ta’lim, madaniyat bo‘yicha Senatdayam bitta qo‘mita bor, o‘shani 15 nafarcha a’zosi bor. Ichida nega parlamentga saylanganini tushunmaydiganlariyam bor, 3-4 ming dollar oylik olib o‘tiradigan. Qonunchilik palatasidayam shu ahvol. 275-maktabdagi voqea haqida gapirmagan odam qolmadi, lekin parlamentni kuzatdim, shulardan birortasi chiqib izoh bermadi, biror tahririyat eshigini taqillatmadi gapirish uchun», dedi u.

To‘liq suhbatni havola orqali tomosha qilish mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid