O‘zbekiston | 17:16 / 08.09.2021
2552
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «O‘zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli» mavzusidagi forum o‘tkaziladi

Joriy yilning 29-30 sentabr kunlari Toshkent shahrida «O‘zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli» mavzusidagi forum o‘tkaziladi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Forum doirasida so‘nggi besh yildagi iqtisodiy o‘zgarishlar zamonaviy usullar yordamida tahlil qilinib, istiqboldagi islohotlar mundarijasining:

- makroiqtisodiy islohotlar;

- davlat ishtirokidagi korxonalar transformatsiyasi;

- davlat ishtirokidagi banklar transformatsiyasi;

- kapital bozorlarini rivojlantirish;

- davlat-xususiy sheriklik loyihalari va xususiylashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashilishi ko‘zda tutilgan.

Forum Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi va ishtirokida o‘tkaziladi va 300ga yaqin ishtirokchilar, jumladan, O‘zbekiston hukumati vakillari, xalqaro biznes va moliya hamjamiyati, xalqaro tashkilotlarning yuqori darajali mutaxassislari ishtirokida o‘tkaziladi.

Tadbir gibrid (an'anaviy va onlayn) shaklda bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir orqali yoritib borilishi nazarda tutilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Twitter'da ushbu forum haqida izoh qoldirdi. «Jamiyatda iqtisodiy siyosat, biznes muhitni yaxshilash, samaradorlikni oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha o‘ziga xos yangi qoidalar paydo bo‘ldi. O‘tgan yillar sarhisobi va istiqboldagi iqtisodiy g‘oyalarni muloqotlar maydonida dunyoning yetakchi iqtisodchilari, moliyachilari, ekspertlari bilan birgalikda tahlil va muhokama qilamiz», dedi mutaxassis.

Moliya vaziri Timur Ishmetov ham o‘z Twitter sahifasida «Xalq farovonligini oshirish – davlatning ustuvor vazifasidir. Bunda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash muhim omil sanalib, Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiliklarida so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mazmunini tashkil etadi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, davlat korxonalari va banklarini isloh qilish, xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklik va kapital bozorini rivojlantirish Yangi O‘zbekistonning keng imkoniyatlarini ochib beradi. Bu islohotlar hech qanday to‘siqlarga qaramay davom ettiriladi. 29–30 sentabr kunlari iqtisodiy forumda hukumat a'zolari, yuqori darajadagi ekspertlar, olimlar bilan islohot natijalarini, jumladan, yutuqlar va kamchiliklarni hamda yangi qadamlarni tahlil qilamiz», deb izoh qoldirdi.

Mavzuga oid