Iqtisodiyot | 13:33 / 11.09.2025
4103
3 daqiqa o‘qiladi

Timur Ishmetov: Bank kartalarini masofadan turib yopishda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman

Foto: Markaziy bank

11 sentabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar bank kartalarini masofadan yopish imkoniyati yo‘qligiga doir muammoni ko‘tardi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bunda hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, u jismoniy shaxslar uchun milliy valutadagi kartalar soniga kiritilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilinishini istisno etmadi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun milliy valutadagi kartalar soniga 20 tagacha cheklov o‘tnatilgan. Bu cheklov 2025 yil yanvaridan beri amal qiladi. Muammo shundaki, jismoniy shaxslar yangi karta ochish uchun nomidagi kartalardan bir nechtasini yoptirishi kerak, lekin bank kartasini bir zumda onlayn ochish imkoniyatini bergan banklar ularni masofadan yopish bo‘yicha xizmat taqdim etmaydi.

Timur Ishmetov bank kartalarini masofadan turib yopishda hech qanaqa muammo ko‘rmayotganini ta’kidladi.

«Shu masala bo‘yicha alohida muloqot qilsak yaxshi bo‘ladi. O‘tgan yili bir yilga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilgandi. Hozir biz shuning o‘rniga komplayns tizimini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz», dedi MB raisi.

Kartalarni yoptirishdagi byurokratiya

2025 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha jismoniy shaxslarning nomidagi milliy valutada ochilgan kartalar soni bir vaqtning o‘zida 20 tadan oshmasligi bo‘yicha cheklov kiritilgan (bunga virtual kartalar ham kiradi). Agar limit to‘lgan bo‘lsa, fuqaro yangi karta ochtirish uchun amaldagi hisobvaraqlaridan kamida bittasini yopishi kerak.

Bu qarorni izohlarkan, regulyatorning qayd etishicha, bu masala qonunchilik darajasida hal etilmagan va shu sababli ba’zi fuqarolar 100 dan ortiq kartaga ega bo‘lgan holatlar mavjud. Bu – firibgarlik holatlariga yo‘l ochyapti.

Yangi tartib firibgarlik jinoyatlarini qanchalik kamaytirgani ma’lum emas.

Kun.uz avvalroq bu firibgar bo‘lmagan oddiy odamlar uchun muammo tug‘dirayotgani haqida yozgandi. Chunki bank kartasini yoptirish hamma banklarda ham oson jarayon emas. Mijozlar kartasini mobil ilova orqali onlayn bloklashi mumkin, lekin bu bilan ish bitmaydi: hisobraqamni ham butkul yoptirish kerak. Bu esa byurokratiya va ovoragarchilik degani.

Iqtisodchi, Humo to‘lov tizimining sobiq rahbari Shuhrat Qurbonov ham kartalarini yoptirishda muammoga duch kelganini yozib, mijozlarni tizimga ulash bo‘yicha hamma narsa raqamlashtirilgan, ammo ulardan uzish, ya’ni hisobni yopish ishlari hanuz 2000 yillar boshidagi darajada qolganini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid