O‘zbekiston | 23:47 / 13.08.2018
111843
3 daqiqa o‘qiladi

“GM Uzbekistan“ avtomobillarining narxi baribir oshadi

Foto: kun.uz

“GM Uzbekistan“ avtomobillarining narxlari oshishi kutilmoqda, biroq hozircha narxlar belgilanmagani sabab mijozlar bilan shartnoma tuzish jarayonlari to‘xtatilgan. O‘zA shu haqida xabar berdi

30 iyun kuni Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan muloqotda “O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov 1 avgustdan avtomobillar narxi o‘rtacha 14 foizga oshirilishi haqida ma'lum qilgan edi. Bu bayonotga nisbatan jamoatchilik o‘z munosabatini bildirmay qolmadi, albatta. 

1 avgust kuni “O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati o‘z saytida “GM Uzbekistan“ avtomobillarining narxlari oshirilmasligi haqidagi qo‘shimcha bayonot bilan chiqdi. 

Avgustdan narxlar rasman oshmadi. Biroq jamoatchilik tomonidan “Avtosalonlarda shartnomalar nima uchun berilmayapti?” mazmunidagi e'tirozlar ko‘paydi. Haqiqatan ham hech bir sababsiz, xalqqa ma'lum qilinishi kerak bo‘lgan tartiblar tushuntirilmay shartnomalar nima uchundir to‘xtatilgan. 

Kuzatuvlar shu kunlarda mashina bozorlaridagi avtomobillarning narxi o‘sganligini tasdiqlaydi. Sabab ma'lum, ko‘pchilikning ko‘nglida yengil avtomobillarning narx-navosi borasida shubhalar ortib bormoqda, deyiladi manbada. 

“O‘zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati rahbari vaziyatga quyidagicha javobni berdi: 

“GM Uzbekistan” zavodi avtomobillarining narxi o‘zgargani yo‘q. 30 iyul kuni Xalqaro press-klubda muhokama qilingan avtomobil narxlari masalasi hozirda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda har tomonlama, narx oshishining ijobiy va salbiy tomonlarini inobatga olgan holda o‘rganib chiqilmoqda. Narxlar oshishi kutilmoqda, shuning uchun aniq narx-navolar belgilanmagani sabab mijozlar bilan shartnomalar tuzish hozircha to‘xtatilgan. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil narxlari bo‘yicha tarqalgan ma'lumotlar va avtomobillar narxi bo‘yicha prays-list ishonchli emasligini bildiramiz. Ayni vaqtda ularning narxi hali hisoblab chiqilmadi", - deydi mutaxassis. 

Demak, ayni damda avtomobillarning rusumlariga ko‘ra narx belgilash jarayoni ko‘rib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda narxlar borasida aniq ma'lumotlar taqdim etilsa, ajab emas. 

Bundan avval KUN.UZ'da "O‘zavtosanoat" fikridan qaytgani,  1 avgustdan avtomobillar narxi oshmasligi haqida ma'lumotlar berilgandi. Shuningdek, AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Umidjon Salimovning vaziyat yuzasidan bergan izohi ham taqdim etilgan.

Mavzuga oid