O‘zbekiston | 19:30 / 25.06.2019
23512
4 daqiqa o‘qiladi

Utilizatsiya yo‘lga qo‘yilishi mulk egasiga nima beradi?

Foto: Shutterstock

Ayni kunlarda O‘zbekistonda milliy mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va ularni import qiluvchilar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish haqidagi qonun loyihasi ishlab tayyorlanayotgani haqida avval ham ma'lumot bergandik.

Biz mazkur loyihaning qishloq xo‘jaligi texnikasiga bog‘liq jihatlari bo‘yicha «O‘zagrotexsanoatxolding» bo‘limi boshlig‘i Hasan Nasibov bilan suhbatlashdik.

Loyihadan maqsad nima?

Eng asosiy maqsad O‘zbekiston ekologiyasini asrash. Hozir ekologik vaziyat bo‘yicha muammolarimiz borligi hech kimga sir emas. Kelgusi avlod uchun ham tabiatni asrashimiz shart. Dunyoning ko‘plab davlatlarida bunday loyiha qonun tusini olib ulgurgan. Bizning yo‘llarimizda o‘tgan asrning 70-80-yillarida ishlab chiqarilgan eski avtomobillar, qishloq xo‘jalik texnikalari hamon yuribdi. Ular ekologik normalar talablariga javob bermaydi va asta-sekin utilizatsiya qilinishi kerak. Bu loyiha aynan ekologiyani yaxshilashga xizmat qilgani uchun ham ko‘p hollarda “ekologik soliq” deb ataladi.

Qancha eskirgan texnika bor va ular nega almashtirilishi lozim?

Respublika bo‘yicha 200 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasining 45 mingga yaqini yaroqsiz holatga kelib qolgan. Ulardan 12 900tasi traktorlar, 5 837ta traktor tirkamalari, 462 ta kombayn, 24 935 ta boshqa turdagi texnikalardir. Qishloqlarimizda, chekka hududlarda yirik texnikalar zanglab yotibdi. Egasi uni na sota oladi, na tashlab yuboradi. Metallolomga topshirishdan arzimas pul olish foyda bermaydi, ayrim ehtiyot qismlari turli qotishmalardan iborat bo‘lganligi uchun metallolom ham qabul qilmaydi. Qolaversa, ularning aksariyat ehtiyot qismlaridan yana foydalanish mumkin.  Shuningdek, umumiy texnikaning 65 foizi yaqin yillarda ekspluatatsion muddatini o‘tab bo‘ladi, ularda yoqilg‘i sarfi yuqori, bu oxir-oqibat mahsulot tannarxi oshishiga sabab bo‘ladi.

Utilizatsiyaga topshirish mulk egasiga qanday foyda beradi?

Loyihaga ko‘ra, eski texnikani utilizatsiyaga topshirgan mulk egasi ikki xil variantda rag‘batlantiriladi: 1. Topshirgan texnikasi uchun ma'lum miqdorda haq oladi. 2. Utilizatsiya qilingan texnika hisobiga olinadigan yangi texnika uchun chegirma beriladi.

Natijada bir necha yil ichida qishloq xo‘jalik texnikamizni sezilarli darajada yangilab olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Utilizatsiya xarajatlari kimning hisobidan bo‘ladi?

Loyihaga ko‘ra, utilizatsiya xarajatlari ishlab chiqaruvchi tomonidan qoplanadi. Import qilib kelingan texnikaga esa boj undirish bilan birga utilizatsion yig‘im ham olinadi. Qisqa qilib aytganda, bu yig‘imni to‘lovchilar qishloq xo‘jaligi texnikasi, boshqa avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari va ularni import qiluvchilar bo‘ladi.

Narxlar oshishi yuzaga kelmaydimi?

Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantiryapti. Lekin qayta ta'kidlayman – maqsad budjetga pul tushirish emas, ekologiyani yaxshilash. Utilizatsiya yig‘imining joriy etilishi qishloq xo‘jaligi texnikasi narxining oshishiga olib kelmaydi. Aksincha, bu yangi tizim joriy etilishi ortidan yangi korxonalar ishga tushiriladi, ish o‘rinlari yaratiladi, yangi texnikadan foydalanish madaniyati oshadi.

Bir narsani unutmasligimiz lozim: bu hozircha faqat qonun loyihasi bo‘lib, u deputatlarimiz tomonidan qabul qilinishi, o‘zgartirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid