Jahon | 13:57 / 21.09.2025
7964
14 daqiqa o‘qiladi

Hokimlik uchun saylov, oshadigan pensiya yoshi va internetsiz Afg‘oniston – MO hafta ichida

Tramp Afg‘onistondagi Bag‘ram harbiy bazasini AQSh qayta egallashini e’lon qildi. Qozog‘istonda ilk bor shahar hokimligi uchun saylov o‘tkaziladi. Qirg‘izistonda pensiya yoshi ham, miqdori ham oshiriladi. Tojikiston Amerikadan 75 tonna oziq-ovqat yordamini oldi. Turkmaniston bozorlarida tekshiruvchilar bitta tushlik evaziga ham qonunbuzarliklarni yopib ketmoqda. Afg‘onistonda internet uzib qo‘yildi, topshiriqni “Tolibon”ning kattalari bergan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘iston tarixida ilk bor shahar hokimligi uchun saylov o‘tkaziladi 

Qo‘shni davlatda sinov tariqasida birinchi marta shahar hokimini viloyat hokimi tayinlamay, u saylov asosida tanlanmoqda. Mahalliy nashr Tengrinewsʼning yozishicha, hokimlik uchun 4 nomzod hozircha ro‘yxatga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, 12 oktyabr kuni saylov o‘tkaziladi. Nomzodlar kim ekani 18 sentabr kuni e’lon qilingan va saylovoldi tashviqot ham boshlandi. Ular jamoatchilikka tanishtirilib, tegishli ishonch yorliqlari topshirildi. Hammani hayratda qoldirgani, shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Bekjon Bapishev nomzodlar orasida yo‘q edi. Vaholanki, jamoatchilik aynan uni hokim etib saylanadi deb ishonib turgan edi. 

4 nomzodning barchasi mustaqil nomzodlar, 3 tasi semeylik. Ular yoshlar saroyi direktori, Geodeziya kolleji direktori va hozirda ishsiz bo‘lgan sobiq shahar maslahati raisi, to‘rtinchi da’vogar – Ko‘kpekti tumani hokimi. 

Semey shahrining avvalgi hokimi Talgat Muratov avgust oyi o‘rtalarida viloyat hokimi tomonidan muddatidan oldin ishdan olingandi. Ayni paytda shahardagi 128 ta saylov uchastkasida ovoz berishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yangi hokim saylovida 220 mingdan ortiq kishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan. 

“Sakkiz nafar nomzod o‘z hujjatlarini topshirdi. Ulardan 3 nafari Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan tanlovdan o‘ta olmadi. Bittasi o‘z ixtiyori bilan saylovdan chiqdi. To‘rt nafar nomzod saylovda qatnashishga tayyor”, - deydi Semey hududiy saylov komissiyasi raisi Guljan Kuanisheva.

Biroq shahar aholisi saylovga ham, uning natijalariga ham jiddiy ishonayotgani yo‘q. Masalan, Tengrinews e’lon qilgan xabar ostidagi izohlarda aksariyat odamlar bu teatr yoki shou, deya yozishgan.

Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa biz allaqachon prezidentni saylaganmiz, AES qurilishiga ham ovoz berganmiz, bu shunchaki vaqtni behuda sarflash. Undan ko‘ra, samaraliroq ish bilan shug‘ullaning, deb yozgan.

Qirg‘iziston pensiya yoshini ham, miqdorini ham oshirmoqchi 

Yosh borasida takliflar endi-endi quloqqa chalinmoqda, lekin pensiya miqdori shu yil 1 oktyabrdan e’tiboran oshishi aniq bo‘ldi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida bosh vazir Adilbek Qosimaliyev ma’lum qildi.

U “Ijtimoiy kontrakt” dasturining ijobiy ta’sirini ta’kidlab, unga ko‘ra joriy yilda bu miqdor 100 ming so‘mdan 150 ming so‘mga oshirilganini ta’kidladi. 

“Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sanoatlashtirish bo‘yicha shu yilda mamlakatimiz bo‘ylab 67 korxona ochilib, 6 ming ish o‘rni yaratildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning birinchi yarmida 159 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 barobar ko‘pdir”, - degan bosh vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vazirlar Mahkamasi aholi turmush darajasini oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Hukumatga ko‘ra, 2024 yilda Qirg‘izistonda qashshoqlik darajasi 25,7 foizga tushib, 2023 yilga nisbatan 4,1 foizga kamaygan. Bishkekda o‘tirganlar tendensiyani ijobiy baholayapti. 

Qashshoqlikni kamaytirishning asosiy omili uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishi bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasi shuningdek, 2025 yilning 1 oktyabridan boshlab davlat pensiyalarini indeksatsiya qilishni tasdiqlagan. Qarorga ko‘ra, 50 000 so‘mgacha bo‘lgan pensiyalar 1,10 koeffitsiyenti bilan indekslanadi. 1 oktyabrdan keyin tayinlanadigan yangi pensiyalar bazaviy pensiya to‘lovini hisobga olgan holda 7100 so‘mdan past bo‘lmaydi. Bu o‘zbek so‘mida 994 ming degani, ya’ni Qirg‘izistondagi biror pensiya endi 994 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. 

AQSh Tojikistonga 75 tonna oziq-ovqat mahsulotlarini sovg‘a qildi 

Mahalliy nashr, Asia Plus Tajikistanʼning yozishicha, mamlakat bo‘ylab 40 000 ga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun Tojikistonga qiymati 255,6 ming dollarlik 75 tonna Amerikada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. 

AQShning Tojikistondagi elchixonasi yozishicha , Texasdagi zavodda ishlab chiqarilgan ushbu oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida vitamin va minerallar bilan boyitilgan yasmiq, guruch va sabzavotlarning to‘yimli aralashmasi mavjud. 

Ushbu yordam 140 dan ortiq tibbiy-ijtimoiy muassasalarga, jumladan, sil va psixiatriya muassasalariga, saraton markazlariga, qochqinlar boshpanalariga tarqatiladi. Dastur xavf ostida bo‘lgan minglab odamlarning salomatligi va farovonligini yaxshilashga qaratilgan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi, Milliy sil kasalligi markazi va Qizil yarim oy jamiyati yuklarning taqsimlanishini nazorat qiladi. 

“Bizning umumiy maqsadimiz oddiy: hayotni saqlab qolish, sog‘lig‘ini yaxshilash va tojik oilalari hamda jamiyatlari hayotida haqiqiy o‘zgarishlar kiritish”, dedi AQShning Tojikistondagi elchisi Manuel Mikaler. 

2007 yildan beri AQSh hukumati Tojikistonga qiymati 2,2 million dollardan ortiq bo‘lgan 1000 tonnaga yaqin boyitilgan oziq-ovqat yetkazib bergan. Tashabbus Sog‘liqni saqlash vazirligi, mahalliy “Avesto” nodavlat notijorat tashkiloti va AQShning “Resource and policy exchange” tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilib kelinyapti. 

Turkmanistonda ochko‘z tekshiruvchilar ko‘paydi 

Turkmanistondagi bozorlarda tekshiruvchilar tushlik va sovg‘a-salom evaziga qonunbuzarliklarga bemalol ko‘z yumishni odat qildi. Turkmaniston haqidagi yangiliklarni ulashib boruvchi nashrlardan biri bu bo‘yicha maqola e’lon qildi. Unda kelishicha, vaqti-vaqti bilan masalan, Turkmanobod shahri bozorlarida shahar hokimligi, militsiya, sanitariya-epidemiologiya stansiyasi, soliq va yong‘in xavfsizligi xizmatlari vakillaridan iborat komissiyalar  tekshiruv o‘tkazadi. Bozorkom inspektorlar qachon kelishi haqida savdogarlarga xabar beradi. Masalan, Yashil bozorda 10-12 tadbirkor odatda mazali taomlar va spirtli ichimliklar bilan dasturxon tuzaydi. Tushlik orqa xonalarda yoki saqlash joylarida, begona ko‘zlardan uzoqda o‘tkaziladi. 

Ziyofat oxirida esa inspektorlar qanday sovg‘alarni olishni xohlashlarini ochiqdan-ochiq aytishadi: “bugun mening nabiramning tug‘ilgan kuni, unga velosiped sovg‘a qilsam yaxshi bo‘lardi”, “mening o‘g‘lim bor edi, biz yaxshi aravacha izlayapmiz”, “xotinim yangi dazmol olishni xohlaydi”, deyishadi. 

Buning evaziga esa davlat tashkilotidan kelganlar bor qonunbuzarliklarga ko‘z yumishga tayyor bo‘ladi. Nashr muxbirlarining aytishicha, bolalar velosipedlari 600 dan 1000 manatgacha turadi, biroq savdogarlar buni soliqchi yoki boshqa tekshiruvchiga berishni rad etsa, komissiya “bir necha velosipeddan qimmatroq” jarima yozadi. 

Sovg‘alar shaxsan topshirilmaydi. Politsiya xodimi yoki veterinar sotuvchiga mashinasining kalitini beradi, mashina qayerda qo‘yilgani va davlat raqamini aytadi. Keyin sotuvchi sovg‘ani oladi va uni yukxonaga olib borib qo‘yadi. Bunday tekshiruvlardan so‘ng komissiya endi elektr simlarining holati yoki sanitariya me’yorlari bilan mutlaqo qiziqmaydi, deb yozadi nashr. 

Turkmanistonda bunday tekshiruvchilik biznesi allaqachon avj olgan. Nashr e’lon qilgan ushbu maqolaning ostidagi fikrlar turlicha. Ba’zilar militsiya va amaldorlar arzimagan maosh olishi sabab shu tilanchilikka o‘rganganini yozsa, boshqalar yangi ishga kirganlar oylab maoshsiz ishlashini sabab qilib ko‘rsatgan.

Tolibon” Afg‘onistonda internetni uzib qo‘ydi 

Masalan, Mozori-Sharif shahrida Wi-fi xizmatlari butkul uzilgan va butun mamlakat bo‘ylab optik tolali internet tarmog‘i to‘xtagan. Bu haqda Afghanistan international xabar berdi. 

Mozori Sharif aholisining aytishicha, 15 sentabr kuni “Tolibon” rasmiylari internet provayderlariga shaharda Wi-fi xizmatlarini o‘chirishni buyurgan. Mahalliy telekommunikatsiya kompaniyalari esa bu qarorni tasdiqlagan. 

Afg‘onTelesom va yana bir nechta internet provayderlar kabel orqali ko‘rsatiladigan internet xizmatlarini to‘xtatgan. Shunga qaramay, mobil tarmoqlar hozircha faoliyatini davom ettirmoqda. Kobuldagi internet provayderlardan biri bergan ma’lumotga ko‘ra, “Tolibon” taxminan 20 kun avval butun mamlakat bo‘ylab optik tolali internet xizmatlarini to‘xtatgan. Ta’kidlanishicha, kompaniyalar bu qaror yuzasidan aloqa vazirligiga murojaat qilgan, ammo ularga ushbu topshiriq bevosita Qandahordan kelgani aytilgan.

Mozori Sharifdagi telekommunikatsiya rasmiysi bu chora Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo va internet kompaniyalari o‘rtasidagi favqulodda yig‘ilishda e’lon qilinganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Vafo yig‘ilishda qatnashganlarga bu buyruq bevosita “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda tomonidan berilganini aytgan. 

Provayderlarning ma’lum qilishicha, “Tolibon” rahbarlari bu cheklovni “axloqsizlikning oldini olish” vositasi sifatida oqlamoqda. Ular oldin ham Tik Tok, PUBG kabi ilovalarga hamda pornografik saytlarga kirishni taqiqlashni buyurgandi. 

Ammo xizmat ko‘rsatuvchilar filtratsiya xarajatlari oyiga 50 mingdan 100 ming dollargacha tushishini, shuning uchun bu ilovalarni to‘liq bloklay olmaganliklarini ma’lum qilgan. 

Manbalarga ko‘ra, endilikda Oxunzoda yuqori tezlikdagi internetni butunlay to‘xtatish orqali jamoatchilik fikrini nazorat qilishga urinmoqda. 

NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyoning 54 davlatida jami 296 marotaba internet cheklovi qayd etilgan. Masalan, Eron 2019 yil noyabr oyidagi norozilik namoyishlari chog‘ida internetni deyarli to‘liq o‘chirib qo‘ygan. Rossiya esa 2021 yildan boshlab ba’zi ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklab kelmoqda. 

Afg‘oniston esa internet tezligi bo‘yicha dunyoda 150-o‘rinda turadi. Mutaxassislar fikricha, yuqori tezlikdagi internetning cheklanishi shaharlardagi hayot sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Bu savdo-sotiq, ta’lim va madaniy hayotga putur yetkazishi, aholining global axborot makonidan yanada yiroqlashishiga olib kelishi mumkin.

Tramp Afg‘onistondagi bazani qayta egallamoqchi 

Afg‘oniston haqidagi yana bir xabar bilan dasturni yakunlaymiz. Donald Tramp AQSh Bag‘ramdagi harbiy baza ustidan nazoratni tiklash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirgan. 

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Afg‘onistonni tark etishi chog‘i strategik obektni saqlab qolishni istagan. 

Biz Bag‘ramni — yirik harbiy aviabazani, dunyodagi eng katta aviabazalardan birini saqlab qolmoqchimiz. Biz uni ularga tekinga berib yubordik. Aytgancha, hozir uni qaytarib olishga urinmoqdamiz”, - dedi Tramp.​

Aerodrom 1950 yillarda qurilgan. 1979-1989 yillardagi sovet harbiy kampaniyasi davrida u askarlarni joylashtirish uchun muhim markazlardan biriga aylangan. 2001 yildan boshlab Bag‘ram AQSh nazoratiga o‘tgan. 

Amerika qo‘shinlari 2021 yilda o‘z armiyasini Afg‘onistondan olib chiqish jarayonida Bag‘ramni tark etgan.

Tramp avval ham Bag‘ramni qaytarish niyatida ekanini, sababi u Xitoy nazoratiga o‘tib ketganini da’vo qilgandi. Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy buni “haqiqatdan yiroq” deb atagan. U Afg‘oniston mamlakatda har qanday xorijiy harbiylarning bo‘lishiga qat’iy qarshi ekanini bildirdi. 

Afg‘oniston va afg‘on xalqi hatto bir qarich yerda ham xorijiy harbiylar bo‘lishini qabul qilmaydi. Prezident Tramp bu xabarni eshitishi kerak. Boshqa davlatlar ham tushunib yetishlari kerakki, biz olib borayotgan aloqalar faqat siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishda”, - degan Mutaqqiy.​

U hech bir davlat bilan harbiy aloqalar olib borilmaganini va kelgusida bunday aloqalar o‘rnatmasligini aytdi. Siyosatchi Afg‘oniston hukumati xalqaro hamjamiyat bilan siyosiy, iqtisodiy va diplomatik aloqalarga sodiqligini ta’kidladi.

Mavzuga oid