O‘zbekiston | 23:02 / 31.08.2020
8720
15 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga yondosh hududlarda suv muammosi qachon hal etiladi? Vazirlik vakili bilan suhbat

Mamlakatning rivojlanganlik darajasi avvalo eng zarur birlamchi ehtiyojlar qanchalik qondirilgani bilan o‘lchanadi. Mamlakatimizda Toshkentdan chiqishingiz bilan ko‘zga tashlanadigan eng birinchi muammolardan biri esa – ichimlik suvi. Hatto poytaxt atroflarida ham bu masala to‘la hal bo‘lmagan.

Xo‘sh, bu muammolarning yechimi qanday? Toshkent shahriga yondosh hududlarning ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun nimalar qilinyapti? Shu savollarga javob olish uchun Qodiriya suv taqsimlash markazida bo‘lib, uning qurilishi va foydalanishga topshirilishi masalasida bosh-qosh bo‘lib turgan rahbarlardan biri – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Investitsiya loyihalarini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Erkaboyev bilan suhbatlashdik.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Qodiriya suv taqsimlash obekti qurilishidan maqsad – Toshkent viloyati Qibray tumanidan Zangiota tumanigacha ichimlik suvi bilan ta'minlash. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilyapti, umumiy qiymati 143,8 mln dollarga teng. Shundan 110,29 mln dollar – OTB ajratgan mablag‘.

Qodiriya suv taqsimlash markazi Bo‘zsuv kanalidan suvni olib, Zangiotagacha bo‘lgan hududga magistral quvur orqali yetkazib beradi. Loyiha «Obi hayot» kompaniyasi tomonidan, 9,5 gektar hududda amalga oshirilmoqda.

Hozirda 55-60 foiz ishlar bajarilgan. Obektni 2021 yil o‘rtalarigacha bitkazishni reja qilyapmiz», – deydi Azizbek Erkaboyev.

– Loyihalar ko‘p, olinayotgan kreditlar ham. Ayniqsa, ijtimoiy sohalarga ko‘plab tashqi qarzlar jalb qilinmoqda. Bu obekt qurilishi orqali qanday muammo bartaraf etilyapti?

– Xalqaro moliya institutlarining kreditini olishimizdan maqsad – birinchi navbatda infratuzilmaning to‘la qurilishiga erishish. Shu bilan birga, xorij texnologiyalarining kiritilishiga erishamiz. Ko‘p joylarda qurilayotgan obektlarga pul yetmay qoladi yoki obekt yildan yilga qolib ketadi. Bu loyihada unday muammo bo‘lmaydi. Ya'ni bitgan obektga o‘zining hisob raqamlarini bersa, pulni xorij banklari – Osiyo taraqqiyot banki bo‘ladimi yo boshqa – pudratchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazib beradi.

Xorij kreditini olishimizdan yana bir maqsad – investitsiyani keng jalb qilishdir. Investorlarni jalb qilish uchun esa unga sharoit yaratib berish kerak. Investorga sharoit yaratmasdan turib, ularni jalb qilish muammo. Ya'ni birlamchi ichimlik suvi ta'minoti, oqova suv xizmatlari, yo‘llar, kommunikatsiyalarni ta'minlaymiz va yaxshi sharoit bo‘lsa, investor ham keladi.

Bundan tashqari, aholining turmush tarzi yaxshilanadi, tadbirkorlikni oshirib boramiz. Suv ta'minoti juda ko‘p soha rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Azizbek Erkaboyev

– Bu loyiha bilan qaysi hududlar qamrab olinadi va aholiga qanday qulayliklar yaratiladi?

– Toshkent viloyatiga ichimlik suvi va oqova suv masalasida ilgari xorij investitsiyasi kirib kelmagan. 2017 yilda prezident qarori bilan Toshkent viloyati uchun boshlangan loyiha shu bo‘ldi. Loyiha Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlarini qamrab oladi. 300 mingga yaqin aholini ichimlik suvi bilan ta'minlaydi.

Biz bu bilan to‘xtab qolmasdan, Osiyo taraqqiyot banki bilan ikkinchi loyihani boshlaganmiz. Bu – Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarini ichimlik suvi bilan ta'minlashdir.

Bizning hisobimizga ko‘ra, butun respublikani ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun 7 milliard dollarga yaqin pul kerak. Bu loyihalarni 1-2 yilda bajarish qiyin. Shuning uchun biz ularni bosqichma-bosqich amalga oshirib boryapmiz.

Hozirda loyihaning uchinchi bosqichi uchun ham texnik va iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgan. Bu hujjatlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga ekspertiza xulosasini olish uchun kiritilgan. Unda Toshkent viloyatining 7 shahri: Olmaliq, Angren, Ohangaron, Chirchiq, Bekobod shaharlaridagi oqova suv tizimi to‘la-to‘kis hal etiladi.

Bundan tashqari, biz Pskent tumaniga Yevropa investitsiya banki mablag‘larini kirityapmiz. Oqova va ichimlik suvi muammosini Yuqori Chirchiq tumani Parkent tumanlarida ham hal qilish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

To‘rtinchi qismda ham Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.

Chekkaroq hududlarda quvur tortilgan-u, suv yo‘q yoki qay biridadir avariya sodir bo‘lgan-u, uni tuzatadigan tashkilot kelmayapti. Shunga o‘xshash muammolar yetarlicha. Ya'ni inshoot qurilgan-u, unga joriy xizmat ko‘rsatish masalasida muammolar mavjud.

– Haqiqatdan, bunday kamchiliklar mavjud. Bunga ura-urachilik yoki tezroq muddatda tugatish sabab bo‘lgan. Buni tan olamiz. Endi shu muammolar hisobga olinib, loyihalarda xalq deputatlari taklif beradigan bo‘lyapti. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirayotganimizda ijtimoiy nazorat – deputatlar yoki aholining o‘zi boxabarligini yo‘lga qo‘yamiz. Loyihaning qanday bajarilayotganini nazorat qilib turishga aholining haqqi bor.

Shuningdek, loyihaning tugashida qanday natijaga erishganimizni ham aholi, ham quruvchi kompaniya ko‘rib chiqadi. Yevropada shunday loyihani amalga oshirishdan oldin mutasaddi taraflarning loyihada qatnashishi reja qilib olinadi va shu reja asosida loyiha monitoring qilib boriladi.

Ma'lum bir hududda loyihani amalga oshirishdan oldin har bir pudratchi o‘sha hududga qurilish boshlashdan avval taqdimot o‘tkazadi. U prezentatsiyasida qanday loyiha bo‘lishi, quvvati qanday bo‘lishi va boshqa detallarni ko‘rsatib beradi.

Bu ob'yektning noyobligi nimada?

– Obektning boshqalardan farqi – biz suvni tindiramiz. Suv ishlab chiqarish masshtabidagi filtrdan o‘tkazilib, saqlash inshootiga uzatiladi, u yerda xlorlari tushirilib, nasoslarda uzatiladi. Asosiy farq – katta filtr qo‘llanilayotganida. Oldinlari betoni qotmasdan hamma narsasini qo‘yishga to‘g‘ri kelardi, chunki ozgina darz ketsa ham, o‘sha joydan yorilib ketishi mumkin. Bu yerda esa devorlar ikki qavatli bo‘ladi, har 15 santimetrda temir armatura – panjara ishlatyapmiz, birinchi qavat qorishmasi qotganidan keyin ikkinchi qavatiga o‘tamiz. Bu keyinchalik inshoot buzilish xavfini kamaytiradi.

– Bu oxirgi texnologiyami?

– Juda oxirgi emas, ammo qo‘llanilayotgan texnologiya.

– Hajmi va ishlab chiqarish quvvati qancha?

– Inshoot jami 8 ming tonna suv saqlaydi. Shuningdek, bu yerda zaxira varianti, avariya holati bo‘lib qolganda ishlatiladigan variant ham o‘rganib chiqiladi.

Bu inshoot bitkazilsa, qancha aholi punktiga suv yetkazib beriladi?

– Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 58ta aholi punktiga ichimlik suvi yetkazib beriladi. Bilasizmi, ba'zi yondosh hududlarning biriga suv borib, ikkinchisiga bormasligi mumkin. Bir martada hamma joyni qamrab olish qiyin, suv yetib bormagan joylarga keyingi bosqichda suv yetkaziladi.

Ma'lum bir hududga suv borib, boshqasiga bormasa, aholi o‘zi noqonuniy quvur tortib, suvdan foydalanish hollari ko‘payishi mumkin...

– Har bir loyiha avvalo modellashtiriladi. Bosim ma'lum bir nuqtalarga chiqib borishi hisobga olinadi. Ma'lum hududga suv boradi, undan u yog‘iga cheklangan. Shuning uchun qo‘shimcha quvur ulab olishning iloji bo‘lmaydi.

Shunday holatlarga qanday chora ko‘rish mumkin? Uyma-uy yurish yoki har bir joyni kavlab chiqishning iloji yo‘q.

– O‘tgan yili mutaxassislarimiz Isroilga borib, amin bo‘ldiki, aholi bolalariga bog‘chadan suvning qadrini o‘rgatadi. Aholi suvni tejab ishlatsa, boshqalarga ham yetadi. Agar suv yetarli bo‘lsa, boshqalarga ham tortib beramiz.

Aholining suv kutib yashayotgan qismiga nima deya olasiz?

– Ishontirib aytamanki, ularga ham suv yetib boradi, loyihalarni amalga oshiramiz. Rejamiz ko‘lami keng: Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Andijongacha qamrab olganmiz. Ularga ham ichimlik suvini yetkazib beramiz. Avvallari ichimlik suvi ta'minotiga hozirgidek katta e'tibor berilmagan. Hozir loyihalarni xalqaro moliya institutlari ko‘magida kompleks tarzda amalga oshiryapmiz.

– Jismoniy va yuridik shaxslar ishlatilgan suv uchun pul to‘laydi, shunday ekan, nega tashqaridan qarz olamiz?

– O‘rtacha diametrli quvurning 1 kilometri O‘zbekistonda 417 million so‘mni tashkil qiladi. Xuddi shu narsani Turkiyadagi sheriklarimizdan olsak, 596 million so‘m bo‘lyapti. Latviyadan olganimiz esa 728 million so‘mga boryapti.

Vaqt o‘tib, nasos yoki quvurlar eskirishi mumkin. Bularni almashtirish uchun orada tashkilotning mablag‘i yetmay, kredit olishga majbur bo‘lyapmiz.

Kreditlar o‘rtacha 18 yilga olinadi. Kreditni yetarlicha olish xavf tug‘dirmaydi. Ya'ni bu – sohaga qilingan investitsiya. Keyinchalik inshootlar o‘zini-o‘zi qoplash darajasiga chiqadi va kreditlar asta-sekin yopib boriladi.

– Loyihaga ilk qadam 5 yil oldin tashlangan bo‘lsa, haligacha ichimlik suvi nega kelmayotganini bilishni istayotgan odamlarga nima deya olasiz?

– Loyihaga tamal toshi qo‘yildi, degani, u juda tez bitadi, degani emas. Buning protsedurasi uzoq. Dastlab Vazirlar Mahkamasi qarori chiqadi, keyin tender savdolarini e'lon qilib, loyihachi tashkilot tanlaymiz. Tender savdolari, murakkabligiga qarab, 4 haftadan 8 haftagacha vaqt davomida o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng bizga ishtirokchilarning short-listi keladi, ularning ichidan ma'qul tashkilotni tanlab olamiz. Keyin ularga texnik hujjatlar beramiz. Ularning tayyorlanishiga ham bir yarim oy ketadi. Loyihachi tashkilot tanlanishi uchun 4 oydan 6 oygacha vaqt ketadi.

Loyihachi inshootni bir-bir yarim yil loyihalashtiradi. Keyin biz texnik nazorat olib boradigan xalqaro kompaniya tanlaymiz. Uning nazoratidan so‘ng quruvchi kompaniya tanlanadi. Bu jarayon ham 4 oycha vaqtni oladi. Bular – tez va shoshib bajariladigan ishlar emas.

– Mana bu Qodiriya inshootida boshlangan loyiha qachon to‘liq yakuniga yetadi?

– Ikki yildan so‘ng.

– Bunday qurilishlar katta mablag‘lar, demakdir. Tejamkorlik masalasiga ham to‘xtalsak.

– Tenderda maksimal darajadagi mablag‘ni olamiz. Eng yuqori sifatdagi quvurlar ishlatyapmiz. Hozir hammasi o‘zimizda chiqyapti.

Bu yerda nasoslar masalasi ham bor. Mahalliy yoki xorijiy nasoslardan qay birini tanlashni pudratchi ixtiyoriga topshiramiz.

Tanlovda qaysi omil ustuvor?

– Birinchi o‘rinda biz ahamiyat beradiganimiz – bu narx. Ya'ni pudratchi tashkilot inshootni qancha miqdordagi mablag‘ga bitirib beradi. Kimdir shartli ravishda milliard so‘mni aytsa, boshqa 100 milliard ham deyishi mumkin. Biz o‘ta arzon narxga ham uchmaymiz – bu shubhali. Reallikdan uzoq bo‘lgan qimmat smetani ham tanlamaymiz.

Keyingi masala esa o‘sha quruvchi tashkilotning obro‘si – u avval qurgan obektlarini qanday topshirgan, qanday bahoga ega va hokazo. Bu borada hushyormiz. Loyihani noto‘g‘ri tanlangan pudratchi tashkilot orqali xavfga qo‘yish yaramaydi.

– Xorijiy investorlar ishtiroki-chi?

– Tenderlarimizda ular ham qatnashadi. Bu xalqaro moliya institutlarining talabi. Agar haqiqatda ular bizga kerakli narx-navo, texnikalarini bersa, albatta, ularni tanlaymiz.

Xorijliklarning ustunligi bormi yoki o‘zimiznikilarning? Foydasi-chi?

– O‘zimiznikilar ishlasa, biz uchun yaxshi. Chunki aholi ish bilan ta'minlanadi, soliqlarni shu yerda to‘laydi, qisqasi, har tomondan yutamiz.

Biz Xalqaro moliya institutlari e'tiborini va ko‘lamini kengaytirdik. Qaysidir ma'noda budjetga bo‘ladigan yukni kamaytirish harakatidamiz. Oxirgi 3 yil ichida bizda xalqaro moliya institutlari ko‘lami oshib ketdi: Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Yaponiya xalqaro kooperatsiya agentligi (JICA), Arab muvofiqlashtirish guruhiga kiruvchi bir qator jamg‘armalar (Saudiya taraqqiyot fondi, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari), Islom taraqqiyot banki…

Bundan tashqari, Buxoro viloyatini to‘la-to‘kis ichimlik va oqova suv bilan qamrab olishni reja qilyapmiz. O‘tgan yili Osiyo infratuzilma investitsiya banki bilan muzokaralar olib bordik. 427 million dollar qiymatga ega, Buxoro viloyatining 65 foizini qamrab oladigan loyiha boshlayapmiz. Ushbu loyiha uchun Osiyo infratuzilma investitsiya banki 385 million dollar bersa, qolganini soliq va bojxona imtiyozlari orqali yopmoqchimiz.

Suv yetkazib berilgandan keyin, u qayta qabul qilib olinadi va oqova sifatida shaharning boshqa qismiga chiqariladi. Mavjud quvvatlar bu qo‘shilayotgan bosimga dosh bera oladimi?

– Dosh bera oladi. Bu narsani Toshkent viloyati shahar va tumanlarning ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilishning uchinchi fazasida va Chinoz hamda Yangiyo‘ldagi loyihalarimizda davom ettiramiz.

Suhbatimizga yakun yasash asnosida iste'molchilarga murojaatingiz.

Birinchi navbatda, suvni qadrlashlarini so‘ragan bo‘lardim. Suv ertami kechmi tugash xavfi bor – u bitmas-tuganmas emas. Aholidan suv ham cheklangan resurs ekanini inobatga olib, suvni tejab ishlatishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid