O‘zbekiston | 21:28 / 03.02.2020
11383
4 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik muhokamasi portali Adliya vazirligiga o‘tgan. Vazir kutilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirdi

Adliya vaziri Regulation.gov.uz portali butkul yangilanishini ma'lum qilib, amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasida kuzatilgan qator kamchiliklar tufayli Regulation.gov.uz portali Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov jurnalist va blogerlar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Uchrashuvda muhokamaga qo‘yilayotgan qonun hujjatlarining tili juda murakkab ekani, ko‘p hollarda qabul qilinadigan qonun hujjati bilan amalda nimalar o‘zgarishini ko‘p hollarda tushunib bo‘lmasligi, ayrim hollarda hujjatlar «jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi» degan qayd uchungina nomiga portalga joylanayotgani aytildi.

Xususan, stipendiya masalasidagi hujjat jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan, ko‘plab taklif-mulohazalar bildirilgan bo‘lsa-da, hozirgacha ushbu takliflarning qaysilari inobatga olingani, qaysilari rad etilgani haligacha ochiqlanmayotgani bildirildi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasida muammolar bo‘layotgani uchun yaqinda Regulation.gov.uz saytiga rahbarlik qilish vazifasi Adliya vazirligiga topshirilgan. Chindan ham qaysidir qonun hujjatiga o‘zgartirish yo qo‘shimcha kiritilayotganda, aynan nima o‘zgarayotganini tushunish juda qiyin. Masalan, qaysidir moddaning falon bandidagi qaysidir so‘zlar mana bu so‘zlarga almashtirilsin deb yoziladi odatda. Uni o‘qigan odamda oldin qanaqa edi bu hujjat, nega o‘zgaryapti, endi nima bo‘ladi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.

Shuning uchun biz yaqinda tahliliy ma'lumotlar berishni majburiy qilib qo‘ymoqchimiz. Buning uchun platformamiz tayyor bo‘lishi kerak. Regulation.gov.uz portali butkul yangilanadi. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra yangilanayotgan portalda qabul qilinayotgan qonunlar jadval shaklida beriladi, foydalanuvchi undan hujjatning avvalgi holati va qabul qilingandan so‘ng nima o‘zgarganini ko‘rib turadi.

«Hujjat loyihasi muhokamasi bo‘yicha nechta taklif yoki e'tiroz kelib tushgani, ularning qanchasi inobatga olingani, qanchasi nima uchun inobatga olinmagani ham jadval ko‘rinishida ommaga taqdim etiladi. Ertaga hujjat qabul qilinib, huquqiy ekpertizadan o‘tkazish uchun adliya vazirligiga kelganidan so‘ng ana shu narsalarni talab qilamiz.

Muhokamaga qo‘yilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha Bosh vazir har doim rayosat yig‘ilishida muhokama davomida qancha taklif kelib tushgani, shundan qanchasi qonun hujjatida aks etgani, shundan eng ahamiyatlilari qaysilar deb so‘raydi. Faqat bitta narsani aytishim kerak, jamoatchilik nazorati bo‘yicha qonunga ko‘ra ham qaysidir taklifni olish mumkin emas. Nimaga olmaganini tushuntirib berolsa bo‘ldi. Inobatga olingan bo‘lsa, nimaga inobatga olinganini yozib qo‘yish kerak. Bugungi kunda shu narsani barcha idoralardan talab qilyapmiz», deydi Ruslan Davletov.

Mavzuga oid