Jahon | 14:03 / 14.02.2026
1604
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Adliya vazirligi “chet el agentlari” ro‘yxatiga yana uch jurnalistni kiritdi

RFdagi “chet el agentlari” ro‘yxatiga “Otkrytoye prostranstvo” loyihasi, maxsus xizmatlar haqidagi Agentura.ru sayti, yana uch nafar jurnalist ayol va bir faol ham kiritildi.

Foto: RBK

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi juma kuni, 13 fevralda “chet el agentlari” reyestrini yangiladi. Ro‘yxatga uch nafar jurnalist ayol kiritildi: Mariya Latsinskaya (Telegram’dagi kanali asoschisi), Marina Oxrimovskaya (“Shveytsariya dlya vsex” jurnali hammuassislaridan biri) va Galina Sidorova (Rossiya TIV birinchi rahbari Andrey Kozirevning sobiq maslahatchisi, Kozyrev ham “chet el agenti” deb tan olingan).

Ro‘yxat, shuningdek, faol Mixail Oreshnikov (“Svobodnaya Chuvashiya” Telegram-kanali) bilan ham to‘ldirildi.

Yakunda reyestrga fuqarolik faollariga yuridik va psixologik yordam ko‘rsatgan “Otkrytoye prostranstvo” loyihasi va jurnalistlar Andrey Soldatov hamda Irina Borogan tomonidan yaratilgan Agentura.ru ham kiritildi. Bu sayt Rossiya maxsus xizmatlari haqida yozadi.

“Rossiya hokimiyati bizning holatimizda miqdor bilan olishga qaror qilgan: endi Agentura.ru sayti ham ‘chet el agentlari’ ro‘yxatiga kiritildi”, — dedi Soldatov va Borogan. Soldatovga nisbatan 2022 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

“Chet el agenti” huquqiy maqomi Rossiya qonunchiligida 2012 yilda paydo bo‘lgan va dastlab faqat nodavlat notijorat tashkilotlariga tegishli edi. So‘nggi yillarda esa qonun bir necha bor to‘ldirildi va qat’iylashtirildi.

Hozirda “chet el agenti” deb istalgan shaxs tan olinishi mumkin — jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari va rassomlardan tortib oddiy fuqarolargacha. Ba’zan bu maqomni berish uchun hokimiyatga hatto xorijdan pul olinganini isbotlash ham shart emas. Xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, “xalqaro ta’sir ko‘rsatadigan” faoliyatda ishtirok etish, hatto “xorijiy ta’sir ostida bo‘lish”ning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. “Xorijiy ta’sir” tushunchasini RF Adliya vazirligi juda keng va noaniq talqin qiladi.

Reyestrga tushish — hokimiyat tomonidan kuchli nazorat, hisobot topshirish majburiyati, jarimalar, daromad olishda cheklovlar va ayrim lavozimlarni egallashga taqiqlar degani.

“Chet el agentlari” o‘z nashrlarini maxsus yozuv bilan belgilashi va maqomi haqida xabar qilishi shart — bu tartib buzilsa, katta jarimalar va jinoyat ishlari bilan tahdid qilinadi. Odatda bunday maqomni sudda bekor qildirish deyarli imkonsiz.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid