13:18 / 05.12.2018
45815

Drondan foydalanish huquqini qo‘lga kiritish uchun nimalar talab etiladi?

Texnika va texnologiyalar asrida yangilik va o‘zgarishlar bizni hayratda qoldirishda davom etmoqda. Bugunga kelib butun dunyoda keng qo‘llanayotgan, jahonning barcha mintaqalarida foydalanilayotgan qurilmalardan biri bu – dronlardir. Alibaba, Amazon kabi internet savdo maydonlarida ushbu qurilmaning yangi modellarini ko‘rib qolamiz. Ammo foydalanish huquqi-chi?..

Dronlardan foydalanish masalasi hozirgi kunda dunyo hamjamiyatida qonunchilik bilan tartibga solinayotgan yangi soha hisoblanadi. Avvaliga bu ixtiro o‘ylab topilgandan so‘ng, barchaning diqqat-eʼtibori dron olib uchirishda bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay, «o‘yindan o‘t chiqdi» va ko‘plab davlatlarda ruxsatsiz uchirishga taqiqlar qo‘yila boshlandi. Bu bo‘yicha ruxsat olish tartibi turli mamlakatlarda turlicha. Jahon tajribasida bir necha tartibga solish usullari mavjud.

Jahon tajribasi misollarda

Birlashgan Arab Amirligi

Foto: Hoversurf

Abu-Dabi. Ushbu davlatda turli amirliklarda qonunchilik turlicha hisoblanadi. Bu farq uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishda ham mavjud. Misol tariqasida, poytaxt Abu-Dabida maxsus ruxsatsiz va savdo litsenziyasiga ega bo‘lmasdan drondan foydalanish taqiqlanadi. Agar siz ko‘chada ruxsatsiz uchirsangiz va politsiya qo‘liga tushsangiz, turistligingizni ham inobatga olishmaydi. Droningizni tortib olishadi, bir necha ming AQSh dollariga teng jarima solishadi va qamoqqa tashlashadi.

Dubay. 2018 yil may oyidan boshlab turistlarga dron olib kirishga ruxsat berildi. Ammo, buning uchun majburiy registratsiya belgilandi. Registratsiya mazkur saytda o‘tkaziladi.

Yana bir yo‘li ham bor. Vaqtincha foydalanish uchun ariza va boshqa hujjatlar topshirish kerak bo‘ladi. 2 hafta uchun topshirish eng ma'qul variant. Registratsiya uchun quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: pasportning skanerlangan varianti, fotosuratlar, chiptalar, yashash joyi, telefon, dron modeli, dron foydalanganda xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha bilimingizni tasdiqlovchi sertifikat (agar bu sertifikat bo‘lmasa, Dubayda maxsus kurslar mavjud, 1-2 soatda o‘rgatib, sertifikat bilan chiqarib yuborishadi).

Germaniya

Dronlardan foydalanish avval hamma uchun erkin edi. Ammo Germaniya kansleri Angela Merkel nutq so‘zlayotgan vaqtda dron juda yaqin masofada kelgani sababli, bu qurilmaning harakati qonunchilik bo‘yicha tartibga solindi.

Germaniya qonunchiligi bu bo‘yicha ajoyib qarorga kelgan. Dronlar vazni va hajmiga qarab turlarga bo‘lingan. Turlarga qarab hujjatlashtirish ham farqlanadi.

250 grammdan og‘ir dronlarda egasining shaxsi va yashash joyi haqida ma'lumotlar bo‘lishi lozim.

5 kilogrammgacha og‘irlikdagi dronlar uchun litsenziya olinishi kerak bo‘ladi. Buning uchun maxsus aviamaktablar mavjud. Bu maktablar Federal fuqaro aviatsiya idorasi tomonidan tan olingan bo‘lishi lozim (Luftfahrt Bundesamt).

5 kilogrammdan yuqori dronlarga qo‘shimcha «parvoz uchun ruxsatnoma» (Aufstiegserlaubnis) olinishi lozim.

Rossiya

Rossiya qonunchiligida dronlar amaliyoti bo‘yicha asosiy manba Federatsiyaning Havo kodeksi hisoblanadi. Ushbu kodeksning 33-moddasiga ko‘ra, 250 grammdan 30 kilogrammgacha bo‘lgan qurilmalar davlat registratsiyasidan o‘tishi lozim. 2017 yil 5 iyuldan boshlab og‘irligi 250 grammgacha bo‘lgan qurilmalar Federal xavfsizlik xizmati va Federal havo transporti agentligidan (Rosaviatsiya) ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Qurilma operatorlari Transport vazirligidan malaka litsenziyasini olishi lozim. Bizning tartib-qoidalar singari uchishdan oldin mutasaddi tashkilotdan ruxsat olishi va parvoz rejasi taqdim etilishi lozim. Hozircha rus huquqshunoslari bu tizim ustida ishlashmoqda. Bu masalada hali amaliyot mavjud emas.

Milliy qonunchiligimizga murojaat etganda

Qoida buzilsa, jarima kichik emas

Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlarini O‘zbekistonga ruxsatsiz olib kirish, sotish va ulardan foydalanish 2015 yil 1 yanvardan taqiqlangandi.

2017 yil 13 iyulda qabul qilingan 436-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan uchuvchisiz uchish qurilmalaridan noqonuniy foydalanish jinoiy va ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ya'ni, noyabr oyi holatiga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi 116 (2)-moddasiga binoan 4.054.600 so‘mdan 20.273.000 so‘mgacha, Jinoyat Kodeksining 260 (1)-moddasiga binoan 20.273.000 so‘mdan 50.682.500 so‘mgacha jarima solinadi. Agar bu qilmish odamlar o‘limiga, halokatga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

Qonuniy tartibda uchirish uchun

Ruxsat olish tartibi

Uchuvchisiz uchish apparati (dron va boshqa shu turdagi qurilmalar) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi 322-sonli qaroriga asosan faqatgina Vazirlar Mahkamasining alohida qarori asosida ulardan foydalanish va O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga ruxsat beriladi.

Foto: Samarqand IIB matbuot xizmati

Shuningdek, ushbu qurilmadan O‘zbekistonning turizm salohiyatini ko‘rsatish maqsadida foydalanish (foto va videomateriallar tayyorlash), shu jumladan, chet el ijodiy guruhlari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» milliy agentligining iltimosnomasiga asosan, Mudofaa vazirligi va Parvozlar xavfsizligini ta'minlash Inspektsiyasiga uchish apparatlari, mas'ul shaxslar, parvoz joyi va boshqa ma'lumotlarni taqdim qilgan holda ruxsat beriladi.

Bu masalada to‘liqroq ma'lumotni Parvozlar xavfsizligini ta'minlash inspeksiyasining rasmiy saytidan olish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2016 yil 31 avgustdagi 287-sonli «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi» Nizomga ko‘ra, ushbu qurilmadan foydalanish va ro‘yxatdan o‘tish qoidalari keltirilgan.

Soha bo‘yicha mutasaddi tashkilot

Unga ko‘ra, maxsus vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Parvozlarning xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hisoblanadi. Kun.uz muxbiri ushbu masala yuzasidan inspeksiyaning mas'ul xodimi Sattarov Sattor bilan suhbatlashdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot Vazirlar Mahkamasidan ruxsat olgandan so‘ng, qurilmaga buyurtma olinadi. Shu joyiga ham e'tibor qaratish lozimki, qonunchilik asosida qurilma ishlab chiqarilgan korxona yoki vositachi tashkilot bilan shartnoma tuzilib olib kelinishi lozim. Bundan tashqari, qurilma sotilgan joyda operatorlar o‘qitilishi va ularga maxsus bilim berilishi shart.

Shundan so‘ng inspeksiyaga qurilmadan foydalanishga ruxsat olish uchun ariza va dronga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (yuqorida keltirilgan shartnomalar) topshirilishi lozim. Inspektsiya arizani 10 kun ichida ko‘rib chiqishi lozim. Bu muddat ichida inspeksiya xulosasi beriladi. Qo‘lingizga tasdiqnoma yoki rad etilgani to‘g‘risidagi asoslar beriladi.

Ushbu inspeksiya ruxsatnomasini olgandan so‘ng, yuridik shaxs O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining (Mininfokom) ham ruxsatnomasini olishi talab etiladi.

Ruxsatnomani oldik, endi uchirsak bo‘lar. Aslo!..

Shundan so‘ng, buyurtmachi O‘zbekiston Respublikasi havo hududidan foydalanish uchun Havo hududidan foydalanishni boshqarish yagona tizimidan ham ruxsat olishi kerak bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 287-sonli  2016 yil 31 avgustdagi qarorining 7-ilovasiga asosan ariza topshiriladi. Arizada parvoz vaqti, qurilmaning modeli va belgilari, arizachining nomi, parvoz balandligi hamda boshqa ma'lumotlar keltiriladi.

Bundan tashqari, qaror ilovasida keltirilgan Nizomning 2-qismiga asosan uchuvchisiz uchish qurilmalari bir necha talablarga javob berishi lozim. Bular:

  • Qurilma sanoat ishlab chiqarish mahsuloti bo‘lishi;
  • Ishlab chiqaruvchi zavod pasporti yoki sertifikatga ega bo‘lishi;
  • Maksimal uchish massasi 25 kilogrammdan kam bo‘lishi;

Hujjatlar to‘planganidan so‘ng, mudofaa vazirligining tegishli ruxsati olinadi.

Ruxsatnomalarni olgandan so‘ng, dronlarni olib kelib foydalanish mumkin. Qurilmani bojxonadan olib o‘tayotganda ruxsat berilganini tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi shart. Agar bu hujjatlar mavjud bo‘lmasa, qimmatbaho qurilmani olib o‘tib bo‘lmaydi.

Qulayroq yo‘li ham bor

Albatta, yuqoridagi hujjat to‘plash jarayoni uzoq va mashaqqatli deb hisoblansa, yengillik maqsadida Vazirlar Mahkamasining 322-sonli qarorining 1-qismiga asosan tashkil etilgan «Geoinnovatsion markaz»dan foydalanish mumkin. Ushbu markazga uchuvchisiz uchish apparatlarini sotish va ijaraga berish vakolati berilgan. Umumiy tarzda uzoq muddatli shartnoma tuziladi va har bir parvoz oldidan buyurtma beriladi. Chunki ular ham parvoz vaqtiga oldindan ruxsat olishi lozim.

Umid qilamizki, bu sohada tartib-qoidalar jahon tajribasidan foydalanilgan holda yanada soddalashtiriladi.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid
Top