14:06 / 09.03.2023
5341

UNICEF: “o‘zbekistonlik o‘smir qizlarning 37 foizi maishiy masalalar uchun kaltaklanishni normal deb biladi”

Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 18-19 yoshli o‘smir qizlarning 37 foizi erkak kishi ayolini gap qaytargani, ovqat tagiga olib ketgani, ko‘chaga so‘roqsiz chiqqani uchun kaltaklashini normal holat deb biladi. Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yurituvidagi Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

“Stereotiplar qizlarni oilaviy zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat qurboniga aylantiradi.

O‘zbekistonda yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 18-19 yoshli o‘smir qizlarning 37 foizi erkak kishi ayolini gap qaytargani, ovqat tagiga olib ketgani, ko‘chaga so‘roqsiz chiqqani uchun kaltaklashini normal holat deb biladi.

UNICEFʼning asosiy maqsadlaridan biri bunday zararli amaliyotlarga barham berish hamda qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishdir”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 11 yanvar kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatida senatorlar, bolalar ombudsmani vakili, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, UNICEF xalqaro tashkiloti va NTT vakillari, faollar ishtirokida ushbu qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyihani ishlab chiqishda ishtirok etgan Nemolchi.uz loyihasi vakillarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Adliya vazirligi qonun loyihasini qisqartirilgan, ekspertlar tomonidan xalqaro normalar asosida ishlab chiqilgan muhim moddalarini olib tashlagan yoki tahrir qilgan holda muhokamaga qo‘ygan. Xususan, jamiyatda avj olayotgan, ko‘plab ayollarning o‘limiga, bolalarning zo‘ravonlikka uchrashiga sabab bo‘layotgan oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik masalasi ushbu loyihada ham ochiq qoldirilgan.

Bu esa loyihani ishlab chiqishda qatnashgan faollarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Top