12:38 / 27.02.2019
36058

O‘zbekiston Kashmirdagi vaziyat tufayli Hindistonga uchayotgan samolyotini ortga qaytardi

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Toshkent-Amritsar yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Boeing 767 rusumli samolyoti Toshkentga qaytarildi. Bu ma'lumotni Toshkent aeroportidagi manba Kun.uz muxbiriga tasdiqladi.

Reja bo‘yicha soat 12:40da Amritsarga qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyot Toshkentdagi aeroportga soat 12:35da muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi.

Manbaning aniqlik kiritishicha, samolyotning ortga qaytishiga Pokiston va Hindiston o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro ortidan pokistonliklar tomonidan mazkur havo yo‘lagi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishga taqiq qo‘yilgani sabab bo‘ldi

Bundan tashqari, FlightStats ma'lumotiga ko‘ra, Kashmirdagi mojaro tufayli O‘zbekiston havo hududidagi Air India va Rossiya Airlines kompaniyalarining ikkita samolyoti Hindistonga parvozni kechiktirishga majbur bo‘lgan.

Amritsar - Hindistonning Pokiston bilan chegaralariga yaqin shahri hisoblanadi.

Biroz avvalroq Pokiston armiyasi hindistonliklarning ikki samolyotini Kashmirdagi havo hududiga kirib kelgani uchun urib tushirganini ma'lum qilgandi. Bunga javoban Hindiston tomoni ham pokistonliklarning bitta qiruvchi samolyotini urib tushirgan.

26 fevral kuni Hindiston harbiy-havo kuchlari 14 fevral kungi teraktga javoban Kashmirning Pokiston qismidagi «Jayishi Muhammad» guruhining yirik mashg‘ulot lageriga zarbalar berdi. Havo hujumi oqibatida ko‘plab jangarilar, ularga tegishli transport, qurol va o‘q-dori yo‘q qilingandi. Hindiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Vijay Gokxale bu zarba zarur bo‘lgani, chunki guruh Hindistonning turli hududlariga xudkushlar ishtirokida hujumlar tayyorlayotganini aytgan.

Mavzu
Kashmir mojarosi
14 fevral kuni Pokiston hududida o‘rnashgan «Jaysh-e-Muhammad» terrorchi guruhi Kashmirda Hindiston armiyasi harbiylari kolonnasi o‘tayotgan yo‘lda terakt sodir etishi natijasida 46 nafar hind harbiysi halok bo‘ldi. Bu voqea ortidan Pokiston va Hindiston munosabatlarida mojaro yana avj oldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top