18:09 / 04.05.2017
94767

Yozilmay qolayotgan «O‘qituvchi kundaligi»

Tahririyatga yana bir maktub kelib tushdi. O‘z nomini oshkor etishni istamagan muallifning kasbi o‘qituvchi bo‘lib, u o‘z kechinmalari va vaziyati xususida xabardor etgan.

Saytingizga anchadan beri yozmoqchi bo‘laman-u, hech qo‘l tegmaydi. Axir o‘qituvchimasmanmi, ishim faqat dars berishdan iborat emasku. Saytingizdagi «O‘qituvchini o‘z holiga qo‘ying», «Ta'tilni kuzga ko‘chiraylik» kabi maqolalarni o‘qib, to‘g‘risi avvaliga kuldim va keyin esa beixtiyor ko‘zimga yosh keldi, lekin yosh oqmadi, sekingina bo‘g‘zimda qoldi. To‘g‘risi, bu hissiyotni tushuntirish mushkul. Axir bu kunlar birimiz bo‘lmasa, birimizning boshimizdan o‘tmoqda-ku… Ketaman… Yana bir yil ishlay… Shu sinfim to‘qqizinchini bitirsin, hammamiz birga xayrlashamiz…

Bolalarimni yaxshi ko‘rmaganimda shu yilning o‘zidayoq ko‘z yumardim, lekin ko‘zim qiymaydi. Ahyonda xayol surib qolib, «O‘qituvchi kundaligi» degan kitob yozgim, unda kasbimni qanchalik yaxshi ko‘rsam, uni bajara olmasdan, ortiqcha ishlar qilib yurganimdan o‘zimni yomon ko‘rishimni yozgim keladi. Ba'zan atrofda o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatlarni ko‘rib, bu kitobni yozishga yana chog‘lanaman-u, yana vaqt orttirib bo‘lmaydi.

Bir kuni ertalab avtobusda ishga ketyapman. Oldingi o‘rindiqda ikki kishi o‘tirgandi, ulardan biri avtobus bekatida tanishini ko‘rib qoldi va deraza orqali salom-alik qilib o‘tdi. Avtobus yurganidan so‘ng, sherigi uning kimligini so‘ragandiki, javobni eshitib yuragim «shig‘» etib ketdi: «Ee, oddiy bir o‘qituvchi, maktabda ishlaydi».

Bunday munosabatlarni uchrataverib o‘rganib ketarkansan kishi. Hali qarasang «mikrohudud» deb eshiging oldida o‘qituvchi turibdi, hali qarasang «Aholini ro‘yxatga olyapmiz» deb eshiging ortida o‘qituvchi turibdi. Yana eshik taqillaydi, qaraysan, o‘qituvchi: «kechirasiz svet, gazlardagi qarzlar bo‘yicha…»; eshik va o‘qituvchi: «Uzr, uyingizda nafaqaxo‘rlar bo‘lsa, yozib olgani…», «keyingi yil 1-sinfga chiquvchilarni aniqlashga…», «Ming bor uzr, shu mahalladagi emas, boshqa maktabda o‘qiydigan farzandingiz bo‘lsa…» va hokazo. Bo‘ldi, «mahallaning yugurdagi» chiqib dars bergani bilan uni eshitadigan hech kim yo‘q. Chunki har eshikni taqillatib jonga tekkan bu o‘qituvchi. Bundan tashqari qiladigan ishi qog‘oz titkilash bo‘lsa, uning darsga tayyorgarligi bilan hokimiyat yoki mahallaning nima ishi bor?! Ana kerak bo‘lsa «rayono» kelib, uning konspekti joyida emasligi, darsga tayyorgarlik ko‘rmaganligini tekshirib, jazolab qo‘ya qolsin.

Keling, kuz fasli taasurotlari haqida men ham fikr almashsam. Bu oltin kuz fasli o‘qituvchi uchun oltin sochishdek gap. Ja borsa, sentabr oyligingni olmasang, hech joying kamayib qolmaydi, axir sening o‘rningga terimchilar paxta terib yotibdi, ularga non-choy, xizmat haqi deganday. Yoqmadimi? Unda bor, o‘zing terib kel. Tag‘in buni birov bilmasin, «paxta siyosati, milliy boyligimizga qarshi chiqasanmi?». Xo‘p, deb bir oylik pulingni berib qutildim desang, kuz keldi, endi jo‘ja sanaymiz. Oktyabr kelishi bilan, o‘zing ham pul ber, ham kun ora navbati bilan paxta dalasiga chiq. Hashardan birov o‘lmagan, dars bo‘lsa qochmas. Amallab yetkazib olasan qolib ketgan mavzularni. Eson-omon kuzdan o‘tib olsak, buyog‘i bir gap bo‘lar. Qishda metallom, makalatura va obunalarni yopib olsak, bahorda hasharlar, oylikdan ham bir kunlikni berishni unutmaymiz, chunki baribir majburiy olib qolinadiku?! Ana endi remont ham kelib qoldi, hammaning ichida shu o‘y, bu yil nima bo‘larkin?! Bu endi yoz kelsa ma'lum bo‘ladi. Shuncha mashaqqatlar orasida jonimiz mingta emasmi, quyidagi hamma hujjatlarni qilishga ham chiranamiz, kuchimiz yetmaganiga ayb o‘zimizda, pedagog bo‘lib o‘lmagan jonimiz, baribir qilamiz.

O‘qituvchi hujjatlari: 
1. Sinf jurnali
2. Sinf rahbari papkasi
3. Sinf rahbari jurnali
4. Sinf rahbarining tarbiyaviy ish (soat) hujjatLARi
5. O‘quvchilarning kundalik daftari nazorati
6. Ota-onalar bilan ishlash daftari
7. Dars konspekti
8. Yillik rejasi
9. Pedagogik soati
10. Dars tahlili
11. Faniga oid ko‘rgazmalari
12. Past o‘zlashtiruvchi va bo‘shliq bilan ishlash reja va daftari
13. Iqtidorli o‘quvchi bilan ishlash reja va daftari
14. O‘quvchilarning aylanma daftarlari
15. O‘quvchilar nazorat ishi daftarlari
16. Uslub birlashma hujjatLARi
17. Test banki
18. O‘z ustida ishlash papkasi
19. To‘garak jurnali
20. To‘garak bilan ishlash papkasi
21. Mikrohudud bilan ishlash daftari
22. Orasta qizlar papkasi
23. Filtr daftari va shoshilinch buyruqlar, hisobotlar, ma'lumotlar va hokazolar…

Yuqoridagi hujjat nomlari umumiy bo‘lib, ularning ichida bir talay hujjatlar jamlanmasi o‘qituvchini intizorlik bilan kutadi, masalan, oddiygina sinf rahbari papkamda mavjud bo‘lgan hujjatlar: Sinf rahbarining shaxsiy hujjatlar jamlanmasi, Sinf rahbarining nizomi, Sinf rahbarining yillik ish rejasi va oylik hisobotlari, Sinf o‘quvchilari haqida ma'lumot, Ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazish rejalari va ularning bayonnomalari, O‘quvchilar qoidalari, O‘quvchilarning kundalik daftar to‘ldirish qoidalai, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning harakatlar strategiyasi. Orada tadbirlar, chiroyli ochiq darslar ham tashkil etiladi. Turli tanlovlar, olimpiada, bilimlar bellashuvi.

Mumkinmi shularning barchasini mukammal qilish?! Shuncha harakat bilan «negadir» bugungi yoshlar bilimi qoniqarsiz ekan?! Qachon o‘qituvchi degan “robot”ni o‘z ma'nosida ishlatib, uning obro‘sini tiklaymiz? Qachon u faqat dars o‘tish, tayyorgarlik ko‘rish, ijod bilan shug‘ullanish vajida kunini o‘tganini bilmay qoladi? Qachon bu kunni kelishini sog‘inmay qo‘yadi? Yana bir qiziq holat shundaki, metodika, o‘qitishning innovatsion texnologiyalari va allanimalar haqida faqat haqiqiy jarayonni ko‘rganiga ancha bo‘lgan professor yoki hali ko‘rmagan bakalavr, magistrlar ilmiy ishlar qiladiyu, lekin asl ishda, ayni shu jarayonda, amaliyotda yurgan o‘qituvchi ilmiy ish yoza olmaydi?! Chunki u ham o‘z asl vazifasini unutib, bilim darajasi yetmay qolganiga ham ancha bo‘lgan. Balki, byurokratiya qog‘ozlari bilan makalatura planini to‘ldirib, faqat darsi, amaliyoti bilan shug‘ullanganida, uning o‘quvchilari orasidan «ma'naviy buzuq», «terrorchi» chiqmagan bo‘lardi, chunki u o‘quvchilar ustozining mahoratli darslariga maftun bo‘lib, bo‘lmag‘ur ishlarga chalg‘ish uchun miyalarida bo‘shliq qolmasdi!

Qo‘ysangchi, o‘qituvchidek ezma zot yo‘q. Sen ham ezmalanishni bilasan, xolos. Yaxshisi, bu sohani tashla-yu, nolishni bas qil…

Qo‘li chaqa, yelkasi yara va «tekinxo‘r» o‘qituvchi

 Blogerlar ovozi. Yugurdakka aylangan o‘qituvchi

Top