21:00 / 07.11.2018
159736

Zoyir Mirzayev tuman hokimiga aylandi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Zoyir Toirovich Mirzayev Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu ma'lumotni «Kun.uz» manbasi tasdiqladi.

U tuman xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida jamoaga tanishtirilgan.

Sharof Rashidov tumaniga shu kungacha Sayfiddin Umarovich Ismailov rahbarlik qilib kelayotgandi. U 2016 yilning dekabrida Jizzax viloyati hokimligidan tuman hokimligiga tushirilgandi (o‘sha vaqtda Jizzax tumani).

Eslatib o‘tamiz, Zoyir Mirzayev 29 oktabr kuni prezident farmoni bilan g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois  O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etilgandi.

Undan oldinroq bosh vazir o‘rinbosari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on va Bekobod tumanlarida hokimlik mulozimlari va fermerlarni suvga tushishga hamda dalada yirik kesaklarni ko‘tarib rasmga tushishga majburlagani ma'lum bo‘lgandi.

Top