20:05 / 19.06.2020
14802

O‘zbekiston aholisining 83 foizi kanalizatsiyasiz yashayotgani ma'lum bo‘ldi

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, respublika aholisining 17 foizi, viloyatlar markazlarida yashovchi aholining 67 foizi kanalizatsiyaga ulangan.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 19 iyun kuni Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov kanalizatsiya tizimi va iste'mol qilingan ichimlik suvini zararsizlantirish borasidagi muammolar haqida ma'lumot berdi.

«Agar respublikada kuniga 4 million kubometr suv ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, uning 10-15 foizi bevosita iste'mol qilinadi, qolgan suv esa ishlatilgandan so‘ng kanalizatsiya orqali chiqindi sifatida oqizib yuboriladi.

Bu boradagi katta muammo kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda respublika aholisining 17 foizi kanalizatsiya bilan qamrab olingan. Shuning uchun amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarimizning asosiy qismi ham kanalizatsiya tizimini yaxshilashga qaratilgan», – dedi Alipasha Ahmedov.

Foto: Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, viloyatlar markazlari aholisining kanalizatsiya tizimiga ulanganlik darajasi 67 foiz atrofida bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, kanalizatsiya quvurlari orqali chiqarib yuborilgan suv zararsizlantirilgach, ochiq havzalarda saqlanadi. Va uning atrof-muhitga zarar yetkazmasligi muammosi ham mavjud.

«Jahon tajribasida iste'mol qilingan suv asosan qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yo‘naltiriladi. Bizda esa iste'mol qilingan suv ochiq havzalarda saqlanmoqda.

Masalan, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan iste'mol qilingan suvni qayta ishlash uchun alohida texnologiyalar zarur bo‘ladi. Chunki ular suvdan foydalanishda turli kimyoviy vositalardan foydalanishadi. Bu kabi har bir holatni hisobga olib, suvni zararsizlantirish va qayta ishlash tizimini ishlab chiqish ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda», – dedi Alipasha Ahmedov.

Ma'lumot uchun, 2019 yil sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi shaharlarning faqat 79tasida (57 foiz) kanalizatsiya tizimi mavjud, uning ham 23 foizi ta'mirga muhtoj.

2030 yilga qadar mamlakat aholisining kanalizatsiya bilan qamrab olinganlik darajasini 31 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Top