Yuqoridagi suratda ko‘rib turganingiz — Nishondagi ikki qavatli uylarning oqava suvlari shundoqqina bino hovlisidagi hovuzga quyiladi. Uning to‘lib ketishi, yoz kunlarida badbo‘y hid ochiq derazalardan xonadonlarga mo‘ralashi odamlarni charchatgan.
Ayni muammo o‘z navbatida hojatxona muammosini ham yuzaga keltirgan.
Xullas, aholi antisanitariya holatidan uzoq yillardan buyon aziyat chekadi. Chunki yuzdan ziyod ikki qavatli uylar bo‘lgani holda Nishonda markazlashgan kanalizatsiya tizimining o‘zi yo‘q.
Aytishingiz mumkin, «xo‘sh, axir hozirgi vaqtda qaysi chekka tumanda markazlashgan kanalizatsiya tizimi bor?» deb. Hamma gap ham aslida ana shunda.
Nafaqat Nishon, balki Qashqadaryodagi qator tumanlarda kanalizatsiya muammosiga duch keldik. Shu yilning o‘zida Shahrisabz, Mirishkor tumanlari, Qarshi shahridan bir necha murojaatlar aynan kanalizatsiya masalasida bo‘ldi.
Aslida aksariyat tumanlarda ko‘p qavatli uylar kanalizatsiya tarmog‘i bilan birga qurilgan (harholda, kanalizatsiyasiz ko‘p qavatli uyni tasavvur qilish qiyin). Ammo o‘tgan asrning 60–70 yillarida bunyod etilgan bu uylarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari allaqachon chirib, ishdan chiqqan. Oqibatda so‘nggi o‘n yillar davomida ko‘p qavatli uylar yashovchilari ayanchli muammo qarshisida qolib ketmoqda.
Endilikda bu kabi tumanlardagi ko‘p qavatli uylar atrof manzarasi hojatxonalar bilan ko‘z oldimizda namoyon bo‘lmoqda. Bundan ham yomoni, ayrim hududlarda ana shu hojatxonalarning ham yetishmovchiligi yana bir muammo. Yuqorida aytilgan Nishon tumanida ham xuddi shu holat hali ham mavjud.

O‘tgan yili viloyatning Shahrisabz tumani Miraki mahallasidagi ikki qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan kelgan murojaatga e'tibor bering: «Mahallamizga umumiy hammom qurishmoqchi, iltimos, oldini olishga yordam bering...»
Ma'lum bo‘lishicha, aholining hammom qurilishiga qarshiligi ham kanalizatsiya bilan bog‘liq ekan.
«Kanalizatsiya tizimi ishlamayotgan bo‘lsa, hammomning oqova suvlari qayerga chiqariladi? Yana bitta oqovali hovuz quriladimi?» deya savol qo‘ygan shahrisabzliklar. Chunki 40ga yaqin uyda yashovchilar shusiz ham kanalizatsiya oqovalaridan bezor bo‘lgan.
Ana endi kanalizatsiya hovuzlari masalasida. Qanchalik xunuk va sanitariya qoidalariga zid bo‘lmasin, bizda markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari o‘rniga uylar oldida kichik-kichik oqova hovuzlari qurish urfga aylanib bormoqda. Xususan, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar deysizmi, minglab qurilayotgan namunaviy loyihadagi hovlilar deysizmi, barchasida bittadan oqova suv hovuzchasi.











