11:38 / 08.04.2021
50952

Sergeli yo‘nalishida metro harakati to‘xtab qoldi

Poyezd to‘xtab qolgach, yo‘lovchilar vagonlardan chiqib piyoda yo‘lga tushgan.

Toshkent metrosining «Sergeli» yo‘nalishida harakatlangan poyezd to‘xtab qoldi. Kun.uz muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, ushbu yo‘nalishda «Chilonzor» yo‘nalishidagi «Olmazor» bekati tomon harakatlangan metro poyezdi yer usti yo‘lida to‘xtab qolgan.

«8 aprel, soat 10:45. Sergelidan keluvchi poyezd yer usti yo‘lida to‘xtab qoldi. «Olmazor» va 1-bekat oralig‘ida to‘xtagan poyezd mashinistining aytishicha, bunga texnik muammo sabab bo‘lgan.

15 daqiqa kutishdan so‘ng vagonlardan chiqib piyoda yo‘lga tushdik. Yo‘lda ko‘rdikki, sostavni energiya bilan ta'minlovchi qurilmalar parchalanib ketgan va 30-50 metr masofaga sochilgan», – deydi muxbir Ruslan Ramazanov.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar berishicha, yo‘nalishda harakat to‘xtatilgach, yo‘nalish bo‘ylab bepul avtobuslar xizmati tashkil etilgan. Ayni vaqtda «Toshkent metropoliteni» UK rahbariyati voqea joyida hodisa sabablarini aniqlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 26 dekabr kuni Sergeli tumani aholisiga qulaylik yaratuvchi ikki infratuzilma obekti – yer usti metrosi va yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirilgandi.

Shuningdek, joriy yil 19 mart kuni «Olmazor» yer osti metro bekatidan Sergeli yo‘nalishining «Choshtepa» yer usti metro bekati tomon harakatlanib ketayotgan 4 vagonli tarkib to‘xtab qolgan va natijada shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan navbatdagi tarkib to‘xtab turgan vagonga borib urilgan.

Top