18:04 / 09.10.2021
23526

Chinakam vahshiylik. "Navoiyazot" sabab minglab baliq nobud bo‘ldi, zarar 4 mlrd so‘mdan oshmoqda

«Navoiyazot» AJ Zarafshon daryosiga ko‘p miqdorda hayot uchun xavfli zararli moddalarni oqizgan. Oqibatda baliqlar nobud bo‘lgan. Ular orasida «Qizil kitob»ga kiritilgan turlar ham bor.

Ayni damda Navoiy viloyat ekologiya boshqarmasining 32 nafar inspektori vaziyatni o‘rganmoqda. 20 kmdan ko‘proq hududdagi suv o‘rganilgan va mingdan ortiq baliq nobud bo‘lgani aniqlangan.

Bu haqda Kun.uz'ga ma'lum qildi Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Islombek Boqijonovning so‘zlariga ko‘ra, «Navoiyazot» daryoga zararli modda oqizishi oqibatida ayni damga qadar aniqlangan zarar 4 milliard so‘mdan ortiq bo‘lishi mumkin.

Tekshiruvlar, davom ettirilmoqda, zarar bundan ham kattaroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, Zarafshon daryosining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi qismining 5 ta nuqtasidan tahlil namunalari olingan; tekshiruv natijalariga ko‘ra, daryo suvida azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 21 barobar, azot nitrat 2,6 barobar, azot nitrit 60 barobar, xloridlar 1,3 barobar, mis ionlari 2,1 barobar yuqoriligi hamda daryoda yoppasiga zaharlanish yuzaga kelgani aniqlangan.

Top