Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent viloyatida baliq ovlaganlar tabiatga 680 mln so‘m zarar yetkazdi
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 31 dona baliq ovlagan ikki kishi tabiatga qariyb 680 mln so‘m zarar yetkazdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi hamda Toshkent viloyati Chinoz tumani DXX va IIB bo‘limlari bilan hamkorlikda navbatdagi tezkor reyd tadbiri o‘tkazildi.
Fuqaro A.U. va boshqa huquqbuzarlar tomonidan avvalroq ham noqonuniy baliq ovlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilayotganiga qaramasdan, qisqa vaqt ichida xuddi shu huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududidagi reyd davomida fuqarolar A.U. va Sh.U. tomonidan Sirdaryo daryosining Bo‘ka tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida 8 xildagi jami 31 dona baliq noqonuniy ovlangani ma’lum bo‘ldi.
Reyd davomida huquqbuzarlar baliqlar, elektr qarmoq, rezina qayiq va uning eshkaklari, to‘rli tutqich, rezina qayiqni damlash uchun nasos va 2 dona 60 amperli akkumulyatorni oq rangli Cobalt yukxonasiga ortib, hududdan olib chiqib ketishayotganida to‘xtatib qolindi.
O‘rganish natijasida ovlangan baliqlardan 3 donasi O‘zbekiston Qizil kitobiga mansub Turkiston mo‘ylovdori balig‘i ekani ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzarlik natijasida “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun buzilgan hamda hayvonot dunyosiga 679 million 400 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ovlangan baliqlar va taqiqlangan ov qurollari holatga huquqiy baho berilgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, noqonuniy ov davomida foydanilgan Cobalt vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Mavzuga oid
16:18 / 02.12.2025
Xizmat yo‘q, lekin to‘lov bor: 5 ta chiqindi tashish korxonasining qonunbuzarligi aniqlandi
08:20 / 26.11.2025
Toshkent viloyatida 8,5 gektar yer uchun 7,3 mln dollar talab qilganlar qo‘lga olindi
15:21 / 25.11.2025
Toshkent viloyatida 12 kilogramm giyohvand modda musodara qilindi
20:48 / 24.11.2025