19:01 / 29.10.2021
9448

Eron prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tehronga taklif qildi

Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etish uchun Tehronga tashrif buyurgan Abdulaziz Komilov Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Eron tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, uchrashuvda Eron rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni birodarlik ruhida va rivojlanish bosqichidagi munosabatlar deb atagan. «Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish uchun hech qanday to‘siqlarni ko‘rmayapti», degan u.

Eron rahbari Afg‘onistondagi vaziyat haqida ham to‘xtalgan.

«Tashqi kuchlar, ayniqsa AQShning Afg‘onistonda bo‘lishi mamlakat uchun jabr, qon to‘kilishlari, o‘limlardan boshqa hech narsani olib kelmadi. Biz afg‘on xalqiga tinchlik va xavfsizlik «lazzati»ni totishga yordam berishimiz kerak», degan Raisiy.

Ma'lum qilinishicha, Eronda hozirgi kunda 4 millionga yaqin afg‘onistonliklar va hukumat ularga gumanitar yordam berib kelmoqda. Eron prezidenti Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari uchrashuvi masalaga umumiy yechim topishga yordam berishini aytgan.

Abdulaziz Komilov ikki davlat hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyatga egaligi va O‘zbekiston bu salohiyatdan to‘liq foydalanishga tayyorligini bildirgan. Komilov ham Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tgan.

«Qudratli davlatlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmaganini hisobga olsak, Tehron sammiti katta siyosiy ma'noga ega va biz natijalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Eron tashqi ishlar vazirligi.

Komilov O‘zbekiston Eron Islom Respublikasi bilan mintaqaviy va xalqaro munosabatlarda yaqin hamkorlik qilishga harakat qilishini bildirgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Shavkat Mirziyoyevni Tehronga rasmiy safar bilan tashrif buyurishga taklif etdi.

Shuningdek, Raisiy O‘zbekiston prezidentiga Eron Islom Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘laqonli a'zo bo‘lishida qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘onistonda turli infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani xabar qilingan edi

Top