14:39 / 06.05.2022
9647

To‘qayev Qozog‘istonning Misrdagi elchisiga hayfsan berdi

Diplomat Facebook sahifasidagi postida «SSSR va mustamlakachi Rossiya davridagi bahsli joy nomlaridan» voz kechishga chaqirgan.

Foto: KazTag

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat xizmatchilari axloq kodeksi talablariga rioya qilmagani uchun mamlakatning Misrdagi elchisi Kayrat Lama Sharifga hayfsan berdi, deb xabar qildi InformBuro.kz.

«Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi davlat xizmatchilari axloq kodeksining 9-moddasi talablariga rioya qilmagani uchun Qozog‘istonning Misr Arab Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kayrat Kairbekuli Lama Sharifga hayfsan e’lon qildi», — deyiladi xabarda.

Kodeksning ushbu moddasiga ko‘ra, davlat xizmatchilari «davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga mos kelmaydigan» fikrlarini ommaviy tarzda bildirmasligi kerak.

KazTag agentligining yozishicha, diplomat 3 mart kuni Facebook sahifasidagi postida «SSSR va mustamlakachi Rossiya davridagi bahsli joy nomlaridan» voz kechishga chaqirgan. Hozirda ushbu post o‘chirib tashlangan.

Sharif respublika poytaxti nomini Nur-Sultondan Ostonaga qaytarish, Almatini Olmaota deb o‘zgartirishni taklif qilgan. Uning fikricha, Qozog‘iston nomini ham «Qozoq davlati» deb o‘zgartirish kerak.

Mavzuga oid
Top