15:08 / 21.02.2023
21756

Baxmutdagi ukrain askarlari va Donbassdan evakuatsiya. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 362-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • AQSh prezident Jo Bayden urush boshidan buyon ilk bor Kiyevga tashrif buyurdi. U Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi hamda Ukraina uchun yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi.
  • Rossiyalik muxolif siyosatchi, ayni vaqtda qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan Aleksey Navalniy 15 punktdan iborat siyosiy dasturini e’lon qildi. Ular qatorida — Ukrainaning 1991 yilgi chegaralariga qaytishi (ya’ni Qrimni ham qaytarib olishi), Putin diktaturasini «demontaj» qilish hamda Rossiyada parlament respublikasini o‘rnatish rejalari o‘rin olgan.
  • Kursk oblastida yong‘in oqibatida olti nafar muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askar halok bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan biri blindajni isitishda foydalaniladigan pechka ustiga benzin sepib yuborgan.
  • Rossiyada Ukrainaga borishdan bosh tortgan harbiy shifokorga qarshi jinoiy ish ochildi. Denis Vasilev Shimoliy flot harbiy qismlaridan biriga yuborilgan, bo‘shash uchun raport bergan, ammo safarbarlik tufayli bo‘shashga ulgurmagan. Harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortganlik uchun unga uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.

Kunning asosiy voqeasi. Jo Bayden Kiyevga keldi

20 fevral kuni Jo Bayden ilk bor Kiyevga keldi. Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda AQSh prezidenti Ukrainaga 500 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini, shuningdek Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanishini va’da qildi. U bir yil muqaddam «dunyo tom ma’noda Kiyevning qulashiga va hatto Ukraina yo‘q bo‘lishiga tayyor turgani»ni esladi. «Ammo bir yil o‘tib ham Kiyev bardosh bermoqda, Ukraina bardosh bermoqda va demokratiya ham», dedi Bayden.

Zelenskiy uning amerikaliklar prezidenti bilan muzokaralari «Ukrainani g‘alabaga yaqinlashtirishi» va «hududlarni ozod etishda jang maydonlaridagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi kerakligini»ni qayd etdi. Zelenskiy Ukraina tez orada AQSh va dunyoning boshqa vakillari ko‘magi tufayli «tarixiy yutuqqa erishishi»ni ma’lum qildi.

Bayden milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bilan Kiyevga ketayotgan poyezdda o‘z nutqini ko‘rib chiqmoqda
Evan Vucci / Reuters / Scanpix / LETA
Jo Baydenning Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvi
Ukraina prezidenti matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA
Jo Bayden va Volodimir Zelenskiy Kiyev markazidagi Mixayliv sobori oldida
Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA
Jo Bayden Mixayliv sobori fonida
Ukraina prezidenti matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA
Jo Bayden Ukrainaning halok bo‘lgan himoyachilari xotirasiga o‘rnatilgan devor oldida Volodimir Zelenskiyni quchmoqda
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Havo trevogasi chog‘ida metroga tushgan kiyevliklar. Sirenalar Jo Baydenning shaharga tashrifi vaqtida ham tinmadi — internetda delegatsiya evakuatsiya qilinayotgani jarayoni aks etgan ko‘p sonli videoyozuvlar tarqaldi. Ammo tashrif davom ettirildi va ko‘p o‘tmay prezidentlar ishtirokida qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazildi.
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

Baxmutdagi ukrain askarlari

Baxmut uchun janglar davom etmoqda. Ukraina davlat chegara xizmatiga ko‘ra, o‘tgan kun davomida chegarachilar RF qo‘shinlarining olti hujumini qaytargan va Ukraina qurolli kuchlari bilan birgalikda shaharga kirish qismida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari otryadini yo‘q qilgan. Rossiya tomoni bu ma’lumotga izoh bermadi.

Ukraina harbiy xizmatchilari Baxmutdagi boshpanada
Ye​vhen Titov / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Baxmut yaqinidagi dala maydonida turgan harbiy texnika (bu Ukraina yoki Rossiyaniki ekani bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q)
Ye​vhen Titov / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Ukraina qurolli kuchlari jangchilari yarador quroldoshiga yordam ko‘rsatmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Donbassda evakuatsiya 

Zarechnoye posyolkasida yashovchi Nina Savchenko evakuatsiya oldidan sakkiz yoshli qizi Vikani kiyintirmoqda. 16 fevral kuni Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Donetsk oblasti aholisini xavfsiz joylarga ketishga chaqirgandi. Zarechnoye Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolayotgan Kramatorsk shahridan taxminan 50 kilometr shimoli-sharqda joylashgan — RF armiyasi bu shaharga muntazam ravishda raketa zarbalari yo‘llamoqda
Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA
Vika Savchenko evakuatsiya oldidan himoya ekipirovkasida. Qizchaning xavfsizligi, shuningdek harbiy harakatlar hududiga insonparvarlik yordamlari yetkazish va bu hududlardan tinch aholi vakillari jasadlarini olib chiqish uchun «Oq farishtalar» politsiya ekipaji mas’ul hisoblanadi.
Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA

Kupyansk o‘qqa tutilishi oqibatlari

20 fevral kuni kechqurun Rossiya qo‘shini Kupyanskni o‘qqa tutdi — bu Xarkiv oblastining Luhansk oblasti bilan chegarasiga yaqin joylashgan shahar. Xarkiv harbiy garnizoni rahbari Sergey Melnik zarbalar S-300 tizimi raketalari bilan berilganini ma’lum qildi — hozircha vayrongarchiliklar va jabrlanganlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot kelib tushmagan.

Rossiya qo‘shini Kupyanskni 2022 yil 27 fevralida okkupatsiya qilgan — bu keng ko‘lamli bosqinning uchinchi kunida ro‘y bergandi. Ukraina qurolli kuchlari shaharni 9 sentabr kuni, Xarkiv oblastidagi qarshi hujum davomida ozod etgandi. Quyida Kupyanskning bugungi kundagi manzaralari.

Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top