13:46 / 02.03.2023
9161

Toshkentda maktablar va ular atrofida IIB xodimlari patrulligi yo‘lga qo‘yildi

Toshkentdagi barcha maktablarga ichki ishlar organlari xodimlari biriktirildi. Kun davomida ular ta’lim muassasalari va atrofidagi ko‘chalar hududida patrullik qiladi. Poytaxt IIBB bu bolalar o‘g‘irlanishi haqidagi «feyk yangiliklar» tufayli ota-onalarda paydo bo‘lgan xavotirga javoban profilaktik chora ekanini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, poytaxt va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari vakillari bolalar o‘g‘irlanishi haqidagi «feyk yangiliklar»ni muhokama qilgan, deb xabar bermoqda Gazeta.uz IIBBga tayangan holda.

IIBBning ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon bolalarni o‘g‘irlashga urinish to‘g‘risida oltita xabar qayd etilgan, ammo ulardan hech biri tasdiqlanmagan. 

«Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda so‘nggi besh yil bola o‘g‘irlanishi holati bo‘yicha bitta ham jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan», deyiladi xabarda. 

IIBB ma’lum qilishicha, «ota-onalarning asossiz xavotirining oldini olish va bolalarning xavfsizligini ta’minlash uchun» Toshkentning barcha maktablariga ichki ishlar organlari xodimlari biriktirilgan. Maktablar atrofidagi qo‘shni hududda yomon yoritilgan va odam kam yuradigan ko‘chalar aniqlandi, ularda doimiy patrullik tashkil etildi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari soat 7:00 dan boshlab va kun davomida ta’lim muassasalari yonida vaziyatni kuzatib borish uchun maktab hududida bo‘ladi. Post-patrul xizmati xodimlari kun davomida maktablar atrofidagi ko‘chalarda patrullik qilyapti.

Maktablarda ishlayotgan psixolog inspektorlar har bir sinfdagi bolalarning ota-onalari bilan aloqa qilish uchun maktablar Telegram-guruhlariga qo‘shilgan. «Shu sababli, ota-onalar har qanday shubhali xabarlar bo‘yicha psixolog inspektorlarning o‘zidan ma’lumot olishlari mumkin», deyiladi ma’lumotda.

Top