18:55 / 03.03.2023
1839

Mirziyoyev Chimkentda To‘qayev bilan norasmiy uchrashuvda ishtirok etdi

Norasmiy uchrashuvda ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

3 mart kuni Qozog‘istonning Chimkent shahrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oq O‘rda xabar berdi.

«Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlarining o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida o‘tgan uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati va mustahkamlash istiqbollari atroflicha muhokama qilindi», deyiladi xabarda.

Tomonlar To‘qayevning 2022 yil dekabr oyida Toshkentga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini ham muhokama qilgan.

«Prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyalarni jalb etish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

 

Top