18:30 / 07.03.2023
38968

Ukraina harbiylari rossiyaliklar qatl etgan asir shaxsini ma’lum qildi

Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi shu kunlarda internetda qatli aks etgan jangchi shaxsini ochiqladi. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu 30-alohida mexanizatsiyalashgan brigada harbiy xizmatchisi, 1982 yilda tug‘ilgan Timofey Nikolayevich Shaduradir. U Baxmutdan shimoldagi janglardan so‘ng 2023 yil 3 fevraldan buyon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgandi.

Brigada qo‘mondonligi bayonotida aytilishicha, uning jasadi Rossiya Federatsiyasi nazoratidagi hududda qolmoqda.

«Harbiy xizmatchimizning jasadi vaqtincha bosib olingan hududda qolmoqda. Shaxsning yakuniy tasdiqlanishi jasad qaytarilganidan va tegishli ekspertizalar o‘tkazilgandan so‘ng belgilanadi», — deyiladi knyaz Konstantin Ostrojskiy nomidagi 30-alohida mexanizatsiyalashgan brigada qo‘mondonligi xabarida. 

«Qahramonimiz uchun qasos olinishi muqarrar», deya va’da qilgan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi.

Ammo jurnalist Yuriy Butusov o‘ldirilgan askar - boshqa odamligi, u Nejin shahri hududiy mudofaasining 163-bataloni jangchisi, mergan Oleksandr Marsiyevskiy bo‘lganini aytgan. Butusovning so‘zlariga ko‘ra, quroldoshlari uni videodagi yuzdan tanishgan.

Jurnalist isbot sifatida otib o‘ldirilgan asirning o‘ng qoshi tepasiga plastir yopishtirilganini keltirgan. Uning hayotligida tushgan suratida ham bu jarohatni ko‘rish mumkin.

Uning tanasi fevraldayoq uyga qaytarilgan. Batusovning aytishicha, Marsiyevskiyning morgdagi jasadini ko‘rgan va tanasining videoda o‘q uzilgan joylarida o‘q izlari bo‘lgan. Endi katta ehtimol bilan o‘lim tafsilotlarini aniqlashtirish uchun eksgumatsiya amalga oshiriladi.

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vazirligi fuqarolarni Ukraina qurolli kuchlari askarining rossiyalik harbiylar tomonidan qatl qurboniga aylangani munosabati bilan hamdardlik ko‘rsatishga chaqirdi. «O‘lganlar va ularning oila a’zolari, birinchi navbatda, hurmat qilinishi kerak», — deb yozdi mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Facebook'da. U «ijtimoiy tarmoqlar va odoblilik bir-biriga mos kelmasligini» ta’kidlab, marhumning shaxsi rasman tasdiqlanguncha kutishga chaqirdi.

6 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklar ukrainalik harbiy asirni qatl etgani aks etgani aytilgan video tarqala boshlagandi. Unda o‘rmonli hududda turgan va chekayotgan erkakni ko‘rish mumkin, kadr ortidagi ovoz esa shunday deydi: «Uni tasvirga olma». Asir esa: «Slava Ukraine» iborasini aytishga ulguradi, shundan keyin avtomatdan sidirg‘asiga o‘t ochiladi va u yerga qulaydi. Kadr ortidagi ovoz so‘kinadi.

Video qachon va qayerda yozib olingani ma’lum emas. Qatl kim tomonidan sodir etilgani ham tushunarsiz. Ukraina tomoni buni rossiyaliklar qilishganiga amin.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kechki nutqida qotillar topilishiga va’da berdi. «Bugun okkupantlar jasorat bilan ularning ko‘zlariga qarab: «Slava Ukraine!» degan jangchini vahshiylarcha o‘ldirgani aks etgan video tarqaldi. Men barchamiz birgalikda uning so‘zlariga javob qaytarishimizni istayman: «Qahramonga shon-sharaf! Qahramonlarga shon-sharaflar! Ukrainaga shon-sharaflar!» Va biz qotilni topamiz. Ukraina xalqi Ukrainaga abadiy erkinlik bergan har bir insonning jasoratini unutmaydi», deb ta’kidladi u videomurojaatida. 

Ukraina nashrlariga ko‘ra, ayni vaqtda ushbu askarga Ukraina Qahramoni unvonini berish to‘g‘risida qaror qabul qilinmoqda.

Ukraina Bosh prokuraturasi bir kun avval qurolsiz harbiy asirning qatl etilishi ehtimoli bo‘yicha tergov boshlanganini, ish Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi («Urush qonunlari va odatlarini buzish») bo‘yicha olib borilayotganini xabar berdi. «Hatto urushning ham qonunlari bor. Xalqaro huquq normalari bor, Rossiyaning jinoiy rejimi ularni muntazam ravishda mensimaydi. Lekin ertami-kechmi jinoyat jazolanadi», - dedi bosh prokuror Andrey Kostin. 

Qayd etish lozimki, bu ikki tomondan ham shu kabi kadrlar tarqalishi bilan bog‘liq ilk holat emas.

2022 yil aprelida ijtimoiy tarmoqlarda Kiyev atrofida rossiyalik harbiy asirlar o‘ldirilgani aks etgan video paydo bo‘lgandi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak o‘shanda BBC nashriga bu kabi hodisalarning sabab va tafsilotlarini aniqlash uchun sinchkovlik bilan tergov o‘tkazish talab qilinishini aytgandi.

Noyabr oyida Luhansk oblasti hududida uch nafar rossiyalik harbiy otib tashlangani aks etgan kadrlar tarqalgandi. Rossiya mudofaa vazirligi «qonli jazo» haqida xabar qilgandi. Ukraina hukumati bu holat tekshirilishiga va’da bergan.

Rossiya asirligidan qaytgan ukrain harbiylari ham asirlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani haqida aytib berishgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top