17:05 / 08.03.2023
15536

OAV: Eron Rossiyaga millionlab o‘q-dorilarni yashirincha yetkazib berdi

Foto: Reuters

Rossiya bayrog‘i ostidagi ikkita yuk kemasi yanvar oyi o‘rtalarida Kaspiy dengizi orqali Erondan Rossiyaning Astraxan portiga 200 konteyner o‘q-dorilarni yetkazib berdi. Bu haqda AQSh razvedkasidagi yuqori martabali manbaga tayanib, Sky News xabar bermoqda

Ushbu kemalar 100 million o‘qotar qurollar uchun patronlar va 300 000 ga yaqin snaryadlarni yetkazib bergan bo‘lishi mumkin, buning uchun Rossiya naqd pul to‘lagani aytiladi. 

Xabar qilinishicha, Eron Rossiyaga 5,56 mm, 7,62 mm, 9 mm, 12,7 mm va 14,5 mm kalibrli patronlar, shuningdek, granatomyotlar uchun granatalar, raketa, minomyot va artilleriya snaryadlari yetkazib bergan. 

Bundan tashqari, bortda 10 mingga yaqin zirhli jiletlar hamda dubulg‘alar bo‘lishi mumkinligi xabar qilinmoqda.

Avvalroq Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga tahdidni kuchaytirish uchun Bryansk viloyatidan Eronning Shahed kamikadze-dronlarini uchirishni boshlagandi.

Britaniya harbiy razvedkasiga ko‘ra, 27 fevralga o‘tar kechasi mamlakat havo hududida uchirilgan 14 ta Shahed dronidan 11 tasi urib tushirilgan, ulardan to‘qqiztasi Kiyev yaqinida yo‘q qilingan. 

«Hujum yo‘nalishini hisobga olsak, bu Shahed uchuvchisiz uchoqlari, ehtimol, Bryansk viloyatidan uchirilgan bo‘lishi mumkin. Avvalroq, 2022 yil dekabri o‘rtalaridan boshlab dronlar faqat Krasnodar o‘lkasi, Azov dengiz orqali uchirilayotgandi», deb yozgan Britaniya Mudofaa vazirligi. 

Top