17:01 / 14.03.2023
6883

Gurjistonda rossiyaliklarni davlatga kiritmaslik holati keskin ko‘paydi

Foto: Reuters

Gurjistonga kirish taqiqlangan rossiyaliklar ro‘yxatiga «Dojd» jurnalisti Aleksandra Shvedchenko ham qo‘shildi. U so‘nggi bir yil davomida yashagan ushbu mamlakatga hech qanday tushuntirishsiz kiritilmagan.

«Dojd» telekanali jurnalisti Aleksandra Shvedchenkoga so‘nggi bir yil davomida yashab kelayotgan Gurjistonga kirishga ruxsat berilmadi. Bu haqda 14 mart, seshanba kuni telekanal xabar berdi. 

Shvedchenko Rigadan Tbilisi aeroportiga uchib, u yerda chegarada qo‘lga olingan. Yarim soatdan so‘ng jurnalistga Gurjiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan «boshqa sabablarga ko‘ra» mamlakatga kiritilmasligi ma’lum qilindi. Shundan so‘ng Shvedchenko Rigaga uchadigan samolyotga qayta kuzatib qo‘yilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin ko‘plab rossiyalik jurnalistlar, siyosatchilar va jamoat arboblari mamlakatni tark etib, Gurjistonga yo‘l olishdi. Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan keyin yana o‘n minglab ruslar mamlakatni tark etishdi, ularning ko‘pchiligi ham Gurjistonga bordi. Oqibatda ikki davlat chegarasida ko‘p kilometrlik navbat yuzaga keldi va aviachiptalar narxi bir necha barobar oshdi. 

So‘nggi bir necha oy davomida mamlakatda yashagan yoki u yerga bir muddatga kelgan ruslar Gurjistonga muntazam ravishda kiritilmayapti. Ko‘pincha, deportatsiya blankalarida «kirishni rad etishning boshqa sabablari» bandiga belgi qo‘yiladi. «Proyekt», «Mediazona», «Xolod» jurnalistlari, Pussy Riot a’zosi Olga Borisova, huquqshunos Dmitriy Katchev, «Nasiliyu.net» fondi asoschisi Anna Rivina, siyosatchi Dmitriy Gudkov va boshqa rossiyaliklar ham avvalroq mamlakatga kiritilmagan edi. 

Rad etish javobiga nafaqat jamoat arboblari duch kelyapti, dedi Rossiyadan faollar, jurnalistlar va huquq himoyachilariga ko‘chib o‘tishga yordam beruvchi Free Russia Foundation tashkilotining Janubiy Kavkaz bo‘limi direktori Yegor Kuroptev. 

Top