Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erkin sotiladigan “chiroyli” avtoraqamlar, taqiqlanayotgan “50 yoshli” avtomobillar va Kapadze o‘rniga kelayotgan Kannavaro
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Auksion endi yo‘q: 1 oktyabrdan chiroyli avtoraqamlarni sotib olish xizmati ishga tushdi
Ilgari “chiroyli” avtoraqamlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi platformasidagi auksionlar orqali sotilardi. Endi bunday raqamlarni auksionda qatnashmay xarid qilish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 4 sentabrdagi 562-sonli qaroriga asosan O‘zbekistonda “chiroyli” avtoraqamlarni sotib olish xizmati ishga tushdi.
Hozirda xizmatdan Safe Road YHXX ilovasi orqali foydalanish mumkin. Unga ko‘ra, avval auksionga chiqarilgan va sotilmagan 1-3-kategoriyadagi “chiroyli” avtoraqamlarning barchasi jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 17 baravari — 7 mln so‘mdan sotuvga chiqarilgan. Yuridik shaxslar esa “chiroyli” avtoraqamlarni sotib olish BHMning 25 baravaridagi mablag‘ga, ya’ni hozirda 10,3 mln so‘mga tushadi.
2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil bo‘lgan avtomobillar taqiqlanadi
O‘zbekistonda yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlashga oid qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Qayd etilishicha, “antikvar” avtomototransport vositalari bundan mustasno bo‘ladi.
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi
Markaziy bank hisobotida keltirilishicha, 2025 yil birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil qildi.
Shundan 36,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardir. Yil boshidan beri davlat tashqi qarzi 2,7 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 5,2 mlrd dollarga ko‘paygan.
Toshkent shahriga gul ko‘chatlarini ekish uchun 10 mlrd so‘m ajratildi
Toshkent shahriga mavsumiy gul ko‘chatlarini ekish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun 10 mlrd so‘m ajratildi.
Bunda mablag‘ning 1,82 milliard so‘mi turli obodonlashtirish boshqarmalariga, 8,18 milliard so‘mi esa tumanlar kesimida taqsimlanadi.
Qayd etilishicha, mablag‘ respublika budjetining 2025 yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha daromadlar rejasining oshirib bajarilishidan mahalliy budjetga o‘tkazilgan qism hisobidan yo‘naltiriladi.
Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘ladi
Italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro Timur Kapadze o‘rniga O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘ladi.
Taniqli insayder Fabritsio Romano O‘zbekiston tomoni u bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib olgani, qolgan rasmiy hujjatlar yaqin 24-48 soat ichida imzolanishini xabar qildi.
Kannavaro taklifni qabul qilgan va uning tayinlovi haqida dushanba kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shu tariqa, o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqqan O‘zbekiston milliy jamoasi 2026 yil yozida okeanortida bo‘lib o‘tadigan turnirga xorijlik mutaxassis boshchiligida boradi.
Mavzuga oid
14:32 / 20.12.2025
G‘azodagi boshpanaga hujum qilgan Isroil, Rossiya tankerini safdan chiqargan Ukraina va IShID obektlariga zarba bergan AQSh – kun dayjesti
20:59 / 19.12.2025
2026 yilgi soliq stavkalari va hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar – mahalliy dayjest
21:52 / 17.12.2025
Toshkentda yangi «siti»lar va XCM moliyaviy piramidasining qulashi – mahalliy dayjest
21:26 / 16.12.2025