O‘zbekiston | 20:59
915
5 daqiqa o‘qiladi

2026 yilgi soliq stavkalari va hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2026 yilda asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi

Bu haqda Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ma’qullangan qonunda belgilab qo‘yilgan. Qayd qilinishicha, 2026 yilgi soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (budjet tashkilotlari 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoladi.

Ta’kidlanganishicha, keyingi yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Hududlarda elektr ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilyapti

O‘zbekistonning qator hududlaridan elektr ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar yuzasidan murojaatlar ko‘paydi. Samarqand viloyati Urgut tumanidagi mahallalarda 2 kundan beri, Surxondarë viloyati Sherobod tumanida ayrim qishloqlarda esa 4 kundan beri svet yo‘qligi aytilyapti.

Energetika vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi yetishmovchiligi masalasida muammo qolmagan. Oxirgi yillarda qurilgan o‘nlab elektr stansiyalari hisobiga, generatsiya qilinayotgan energiya ichki ehtiyojni «to‘la qondira oladi». «Svet o‘chishlari» esa, rasmiylar izohiga ko‘ra, «tok» yetishmovchiligidan emas: eskirgan tarmoqlar ba’zi vaqtlarda mavjud yuklamani ko‘tara olmayotganidan. Tarmoqqa yuklama maksimal ko‘rsatkichga yaqinlashganda, taqsimlash punktlari ishdan chiqmasligi uchun hududiy elektr korxonalari ta’minotni uzib qo‘yishga majbur bo‘ladi.

Yo‘l qurilishida dron va kosmik tasvirlar asosida monitoring joriy etiladi

Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan avtomobil yo‘llari qurilishi jarayonlarida kosmik tasvirlar va dronlardan foydalangan holda monitoring o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda qurilish ishlari hajmlari moliyalashtirish ko‘rsatkichlari bilan solishtirib boriladi.

Farmonda belgilanishicha, mazkur mexanizm yo‘l qurilishidagi jarayonlarning shaffofligi va hisobdorligini oshirish, amalga oshirilayotgan ishlar hajmini real vaqt rejimiga yaqin tarzda baholash hamda moliya mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashtiriladi, raqamli texnologiyalar joriy etiladi

Konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshirish maqsadida yangi farmon qabul qilindi.

Unda belgilanishicha, muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilishi sud hujjatini o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, muayyan ish bo‘yicha qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga Oliy sud tomonidan murojaat kiritilishi holatini sudda tegishli ish bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatishga asos bo‘ladi.

Neft-gaz sohasida kutilgan natijalarga erishilmayotgani qayd etildi

18 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya boshqaruvi raisi lavozimiga tasdiqlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va qazib chiqarishni barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Neft va gaz sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun prezident yaratib berayotgan imkoniyatlarga qaramay, sohada kutilgan natijalarga erishilmayapti, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Sanginov qisqa muddatlarda “O‘zbekneftgaz”ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilishi, jamoa bilan birga gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid