O‘zbekiston | 21:26 / 16.12.2025
2026
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yirik issiqlik ta’minoti markazi va qo‘qonlik tabibning sudga berilishi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident Toshkentdagi yirik issiqlik ta’minoti markazi faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar bevosita xorijiy investitsiya yo‘naltirildi. Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari o‘rnatildi.

Qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi.

Qo‘qonlik tabib yana sudga berildi

Xalq orasida tabiblik bilan shug‘ullanib, «bionur sohibi» sifatida tanilgan Iqbol Soliyev noqonuniy foliyat yuritayotgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, uning faoliyati qonuniyligi o‘rganilganda soliq organlaridan «Xalq tabobati» faoliyat turi bo‘yicha 2020 yilda ro‘yxatdan o‘tgani, ammo O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 2024 yil dekabrida tugagani ma’lum bo‘lgan. U ma’muriy javobgarlikka tortilib, 7,5 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani inobatga olinib, IIO xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirilgan. Shunga qaramay, Iqbol Soliyev o‘z faoliyatini davom ettirib, videoroliklarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kelgani aniqlangan. Bu bo‘yicha ochilgan ma’muriy ish 27 noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB tomonidan sud organiga yuborilgan.

Nikoh shartnomasini video-konferens-aloqa orqali qayd etish imkoniyati joriy qilindi

Notariuslar tomonidan nikoh shartnomasini tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.

Unda nikoh shartnomasini rasmiylashtirishning bir nechta shakli belgilangan. Xususan, shartnoma notarial idora binosida, video-konferens-aloqa orqali yoki murojaat qiluvchi xohishiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtirilishi mumkin.

Video-konferens-aloqa orqali rasmiylashtirilganda bu holat tasdiqlovchi yozuvda qayd etiladi hamda jarayon «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida avtomatik ravishda audio va videoda yozib borilishi nazarda tutilgan.

Samarqandda marmar toshlar orasiga yashirilgan 37 kg opiy aniqlandi

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirlari doirasida Samarqand viloyatida DXX, IIB va bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijiy fuqaro hamda 3 nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, chet ellik fuqaro qurilishda foydalaniladigan marmar toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirgan holda mamlakatimizga olib kelgan. Mahalliy fuqarolar esa ushbu giyohvandlik moddasini sotish bilan shug‘ullangan.

Tezkor tadbir davomida jami 37 kg 421 g ekstraksion opiy giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mavzuga oid