O‘zbekiston | 13:17 / 02.01.2023
19488
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada ham “Dok-1 Maks”dan zaharlanish holati aniqlandi

3 yoshli bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limiga “Dok-1 Maks” siropidan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan. Bolaning ahvoli og‘ir.

Foto: Kun.uz

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibining Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, Quvasoy shahrida yashovchi, 2019 yilda tug‘ilgan A.N. Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi yo‘llanmasi bilan 2022 yil 28 dekabr kuni soat 12:35 da filialning qabul diagnostika bo‘limiga olib kelingan. Qabul diagnostika bo‘limida kasallik tarixi yuritilib, bolalar reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bemor shamollashdan davolanishda uy sharoitida “Dok-1 Maks”siropini me’yoridan ortiq iste’mol qilgan. Mazkur siropdan tashqari u yana bir qancha dori vositalaridan foydalangan.

Bemorga “Dok-1 Maks”siropidan o‘tkir zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Bolada o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan. Ota-onasining ma’lum qilishicha, bolada siydik chiqmasligi, qayt qilish, qo‘l-oyoqlar shishishi holati kuzatilgan.

2022 yil 22 dekabr kunidan buyon bemor kasalligi yo‘tal bilan boshlangan. Bolaning onasi dorixonadan “Dok-1 Maks”siropini shifokor tavsiyasisiz olgan va farzandiga 4 kun davomida 5 mldan 10 marta ichirgan.

Hozirda bemorning ahvoli og‘ir bo‘lib, bolalar reanimatsiya bo‘limida belgilangan tartibda davolanmoqda.

Mavzuga oid