O‘zbekiston | 20:44 / 17.01.2023
51872
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors avtomobillarining QQSsiz narxi 3 foizga qimmatlashdimi?

Kompaniya QQS stavkasi pasayganiga qaramay yangi xaridorlar uchun avtomobillarni arzonlashtirmasligi mumkin. Faqat shu kungacha tuzilgan va puli to‘langan shartnomalar bo‘yicha narx pasayadigan bo‘ldi. Avtomobillarni yetkazib berish qayta tiklandi, sotuv qachon boshlanishi esa noma’lum.

Foto: Kun.uz

UzAuto Motors shu kunga qadar tuzilgan va to‘lov amalga oshirilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar narxini pasaytirdi.

Bu – 2023 yildan boshlab QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilgani bilan bog‘liq.

«Avtomobil narxining pasayishi bugungi kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan hamda shartnoma shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirgan amaldagi shartnomalarga nisbatan qo‘llaniladi», - deyiladi rasmiy xabarda.

Bayonotda QQS stavkasining pasayishi yangi tuziladigan shartnomalar bo‘yicha narxlarga ta’sir qilish-qilmasligi haqida gap yo‘q. Kompaniya vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha yangilik yaqin kunlarda rasmiy sahifalar orqali e’lon qilinadi.

UzAuto Motors, shuningdek, avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni yetkazib berish 17 yanvardan boshlab qayta tiklanganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda, kompaniya yangi shartnomalar qabul qilishni qachon boshlashi noma’lumligicha qolmoqda. Cobalt va Lacetti sotuvi noyabr oyida, Damas va Labo sotuvi esa dekabrda to‘xtatilgandi. Yanvar oyiga kelib, kompaniya qolgan modellari bo‘yicha ham kontraktatsiyani noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi.

Oxirgi yillarda UzAuto Motors har safar narxlarni oshirishdan oldin kontraktatsiyani yopib qo‘ygan. Bu gal ham shartnoma berish to‘xtatilgani aynan narxni oshirishga tayyorgarlik bilan bog‘liqligi taxmin qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda narxlar 30 foizga oshishi mumkinligi aytilyapti, kompaniya buni tasdiqlamayotgan bo‘lsa-da, rad etmayapti ham.

Avvalroq Kun.uz yozganidek, UzAuto Motors oxirgi 13 oy ichida to‘rtinchi marta narxni oshirmoqda.

Spark va Nexia kabi budjet modellar sotuvdan olingani, ayni shu toifadagi avtomobillar uchun bojlar stavkasi eng yuqori ekanidan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘zbekistonliklar avtomonopoliya iskanjasidan tobora ko‘proq jabr ko‘ra boshlaydi.

Mavzuga oid