O‘zbekiston | 19:15 / 12.06.2023
7691
3 daqiqa o‘qiladi

“Milliondan ortiq yo‘l belgilarining hammasini onlayn reyestrga kiritish taklif etilmoqda” - adliya mas’uli

Adliya vazirligi taklif etayotgan loyiha qabul qilinsa, O‘zbekistondagi nafaqat taqiqlovchi, balki barcha turdagi yo‘l belgilarining elektron reyestri shakllantiriladi va doimiy yangilab turiladi. Reyestrga kiritilmagan taqiqlovchi yo‘l belgilariga amal qilmaganlik uchun javobgarlik qo‘llamaslik taklif qilinyapti.

Adliya vazirligi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunga yo‘l harakatini tartibga solishning shaffoflashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar taklif qilingan qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada O‘zbekistondagi barcha yo‘l belgilarining elektron reyestrini shakllantirish va reyestrga kiritilmagan taqiqlovchi yo‘l belgilari huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligini belgilash taklif qilingan.

12 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri vazirlik mas’ullaridan reyestr va bu yangi normalardan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida so‘radi.

“Reyestrni joriy etishimizga sabab – jamoatchilikda taqiqlovchi belgilar qachon va qayerda o‘rnatilgani haqida ma’lumot yo‘q. Biz elektron reyestrga barcha yo‘l belgilarini kiritishni taklif qilyapmiz. Lekin huquqiy oqibat keltirib chiqarmaslikka doir norma faqat taqiqlovchi belgilarga nisbatan qo‘llanadi.

Bizda milliondan ortiq yo‘l belgilari bor. Agar biz boshqa yo‘l belgilarni ham [reyestrga kirmasa] huquqiy oqibat keltirmaydigan qilsak, ertaga teskari effekt berib ketishi mumkin. Chunki boshqa yo‘l belgilari texnik sabablarga ko‘ra reyestrga kiritilmasligi yo tezkorlik bilan kiritiladigan, taqiqlovchi bo‘lmagan yo‘l belgilar bor… Bu yerda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini hisobga olib, norma faqat taqiqlovchi belgilarga nisbatan tatbiq qilinyapti”, – dedi Adliya vazirligi mas’uli Ma’ruf Nazarov.

Vazirlik vakili MJtKda yo‘l qoidalariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik belgilangani, lekin javobgarlikning o‘zi yo‘l harakati qoidalariga doir qonunga asoslanishini ta’kidladi. Shu sababli hozir taklif etilayotgan o‘zgarishlarni MJtKga kiritishga zarurat yo‘qligi aytildi.

“Reyestrni yuritish bilan bog‘liq vazifa bevosita IIVning Jamoat xavfsizligi departamentiga yuklatilyapti. Balki alohida platforma yaratilar yoki IIV tegishli boshqarmasi saytida bo‘lar. Lekin hamma uchun ochiq bo‘ladi, har kim xohlagan joydagi yo‘l belgisini ochib, belgini dislokatsiyasi joylashgan joyga qadar ko‘rish imkoni bo‘ladi. Milliondan ortiq belgi bo‘lsa, hammasi kiritiladi, bunda muammo bo‘lmaydi, deb umid qilamiz. Reyestrning yangilanib turishi doimiy bo‘ladi, ya’ni yangi kiritilgan belgilari qo‘shiladi yoki bekor bo‘lgan belgilar olib tashlanadi”, – dedi tashabbusni ilgari surayotgan adliya xodimi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid