Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Putin aldamoqda va tinchlik istamayapti». Zelenskiy va Yevropa yetakchilari Alyaskadagi uchrashuv oldidan Tramp bilan onlayn sammit o‘tkazdi
Chorshanba kuni Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Donald Tramp bilan virtual uchrashuv o‘tkazdi – bunday muloqot Amerika prezidentining Vladimir Putin bilan sammiti arafasida belgilangan edi. Yevropada bu uchrashuv ikki prezidentning Alyaskada bo‘lib o‘tadigan muzokaralariga qisman bo‘lsa-da ta’sir ko‘rsatishiga umid qilishmoqda.
O‘tgan haftada Tramp 2021 yildan beri birinchi AQSh-Rossiya sammitini o‘tkazishga rozi bo‘ldi va uning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvadagi muzokaralarda «sezilarli yutuqlar»ga erishganini aytdi. Uitkoff Putin bilan 6 avgust kuni, Ukrainadagi yarashuv bo‘yicha Amerika ultimatumi tugashiga bir necha kun qolganda uchrashgandi.
Juma kuni Tramp Alyaskaning eng yirik shahri – 300 mingga yaqin aholiga ega Ankorijda Putinni qabul qiladi.
AQSh prezidenti bu uning Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlari doirasida «sinov» uchrashuvi bo‘lishini ta’kidlagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt bo‘lajak sammitni «tinglash qobiliyati mashqi» deb atagan.
Yevropadagilar ushbu uchrashuvda AQSh va Rossiya rahbarlari jiddiy oqibatlarga olib keladigan qarorlar qabul qilishi va hatto Ukrainaga bosim o‘tkazib, uni noqulay shartlarga rozi bo‘lishga majbur qilishidan xavotirda.
Reuters agentligi qayd etishicha, 13 avgust kuni bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvdan maqsad AQSh prezidentini Kiyev manfaatlari evaziga sulh tuzish qanchalik tavakkalchilik bo‘lishi haqida ogohlantirish edi.
Yevropa yetakchilari Trampning jahlini chiqarmaslikka harakat qilib, uning tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bir necha bor ta’kidladi, shu bilan birga, Ukraina kelajagiga oid har qanday kelishuvlar faqat uning ishtirokida muhokama qilinishi va tuzilishi kerakligini qayd etishdi.
Prezident Zelenskiy chorshanba kuni onlayn sammitda ishtirok etish uchun shaxsan Berlinga uchib keldi.
Sammitda Zelenskiydan tashqari Germaniya, Finlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha va Yevroittifoq yetakchilari, shuningdek, NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etdi.
O‘zaro videokonferensiyadan so‘ng, Yevropa yetakchilari va Zelenskiy Donald Tramp va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan alohida onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Shundan so‘ng Ukrainani qo‘llab-quvvatlash rejalarini ishlab chiqayotgan mamlakatlar guruhi – «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn-sammit qanday o‘tdi?
Yevropaliklar Tramp bilan suhbatga ijobiy munosabat bildirishdi.
«Ukrainada tinchlik o‘rnatilishiga umid bor», – dedi sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Fridrix Mers.
«To‘p endi Putin tomonida», – dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte. U Yevropa va AQSh Ukrainadagi urushni tugatish istagida birlashganini ta’kidladi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Tramp bilan suhbatni «juda yaxshi» deb atadi. «Bugun Yevropa, AQSh va NATO Ukraina bo‘yicha umumiy pozitsiyani mustahkamladi», – dedi u.
Emmanuel Makron
Tramp bilan muloqot uning niyatlarini oydinlashtirishga, biz esa o‘z kutilmalarimizni bildirishga yordam berdi. AQShning Alyaskada Rossiya bilan uchrashuvdan maqsadi – o‘t ochishni to‘xtatishga erishish. Biz Ukrainaga taalluqli hamma narsa Ukraina bilan muhokama qilinishini istaymiz. Ukraina bilan bog‘liq barcha hududiy masalalar faqat Zelenskiy bilan muhokama qilinishi kerak. Tramp buni aniq aytdi. Bugungi kunda kun tartibida hududlarni ayirboshlash bo‘yicha jiddiy rejalar yo‘q.
Fridrix Mers
Alyaskada muhim qarorlar qabul qilinishi mumkin. To‘g‘ri yo‘nalish berish uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Biz juma kuni Tramp muvaffaqiyatga erishishini istaymiz. AQSh rahbari bilan suhbatda biz quyidagi bandlarni belgilab oldik: keyingi uchrashuvlarda Ukraina muzokaralar stolida o‘tirishi kerak, ammo birinchi qadam o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lishi kerak; Ukraina hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralarga tayyor, biroq Rossiya okkupatsiyasini qonuniy tan olish muhokama qilinmayapti, muzokaralar Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olishi kerak. Biz hozirgi vaziyat bo‘yicha ham, erishilishi kerak bo‘lgan maqsadlar bo‘yicha ham Tramp bilan to‘liq kelishib oldik. Agar Rossiya Alyaskadagi uchrashuvdan keyin hech narsa qilmasa, Yevropa va AQSh bosimni kuchaytirishi kerak.
Volodimir Zelenskiy
Biz bugun jang maydonidagi vaziyatni muhokama qildik. Men Tramp va yevropalik ittifoqchilarimizga Putin yolg‘on gapirayotganini aytdim. U Alyaskadagi uchrashuv oldidan hammaga bosim o‘tkazishga va sanksiyalar ish bermayotgandek ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Aslida sanksiyalar juda samarali va Rossiya harbiy iqtisodiyotiga zarar yetkazadi. Qo‘shimcha bosim kerak. Men ularga Putin tinchlikni xohlamasligini aytdim – u mamlakatimizni bosib olmoqchi. Umid qilamizki, Alyaskadagi uchrashuvning asosiy mavzusi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘ladi. Tramp bu haqda bir necha bor gapirgan. Alyaskadagi muzokaralardan so‘ng AQSh rahbari bilan qo‘ng‘iroqlashib, natijalarni muhokama qilamiz. Donbass bo‘yicha pozitsiyam o‘zgarmadi. U Ukraina Konstitutsiyasiga asoslangan. Tramp Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor.
Keyinroq Donald Tramp Yevropa yetakchilari bilan «juda yaxshi suhbat» o‘tkazganini aytdi. U bu muloqotga «o‘n» baho qo‘ygan. «Biz juda yaxshi suhbatlashdik. Men uni o‘n bahoga baholagan bo‘lardim. Juda, juda do‘stona», – dedi AQSh prezidenti.
Shuningdek, u Alyaskada Putin bilan sammit muvaffaqiyatli o‘tsa, Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish istagini bildirdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Putin urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiyani «juda jiddiy oqibatlar» kutmoqda. U aynan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.
Tramp Putin bilan hududlar masalasini muhokama qilmaslikka va’da berdi – NBC News
Chorshanba kuni kechqurun Amerikaning NBC News telekanali anonim suhbatdoshlariga tayanib, Tramp onlayn sammit chog‘ida Zelenskiy va Yevropa yetakchilariga Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Ukraina hududlarini taqsimlashni muhokama qilmoqchi emasligi, faqat o‘t ochishni to‘xtatishga erishmoqchi ekanini aytgani haqida xabar berdi.
Ushbu suhbatdoshlar ma’lumotiga ko‘ra, sammitning barcha ishtirokchilari tinchlik shartlarini Ukrainani aylanib o‘tgan holda muhokama qilish mumkin emasligi bo‘yicha yakdil pozitsiyada bo‘lishgan.
Bundan tashqari, Yevropa vakillari agar Putin o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, unda Tramp katta ehtimol bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishini taxmin qilmoqda.
Umuman olganda, bu Zelenskiy, Mers va Makron Tramp bilan suhbatdan keyin aytgan shartlardir.
«Yevropa yetakchilaridan ba’zilarida Tramp Putin bilan uchrashuvi natijalariga bo‘yicha optimistik qarashda emas, degan taassurot paydo bo‘ldi», – deya suhbatdoshning so‘zlarini keltiradi NBC.