Jamiyat | 12:32 / 06.12.2020
22223
6 daqiqa o‘qiladi

Nasl oldidagi mas'uliyat: bolalar nega nogironlik bilan tug‘iladi?

Inson hayoti davomida qabul qiladigan noto‘g‘ri qarorlarning ayrimlari uchun nafaqat o‘zi, balki avlodlari ham tovon to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalarni bilish lozim?

«Umrimning katta qismini nogironlar aravachasida o‘tkazdim. Ammo bu porloq kareraga ega bo‘lishim, oilaviy baxtga erishishim uchun to‘sqinlik qilmadi. Bunga sabab esa har doim birinchi darajali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati, zarurat bo‘lganda yordam ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatchilarning borligida edi.

Bu borada menga omad kulib boqqanini tushunaman. Butun dunyoda odamlar nainki o‘z sohalarida katta natijalarni ko‘rsatish, balki kunlik hayot kechirishida ham ulkan mashaqqatlarga duch kelishadi. Nogironlik muvaffaqiyatga erishish yo‘lida to‘siq bo‘lmasligi kerak».

Mashhur astrofizik olim Stiven Hoking nogironligi bor insonlarning munosib turmush tarziga ega bo‘lishlari va buning uchun yetarli tibbiy sharoitning bo‘lishi zaruratini shu so‘zlar bilan ifoda etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda nogironligi bo‘lgan insonlar ta'limda va iqtisodiy faollik borasida boshqalarga qaraganda past ko‘rsatkichlarni ko‘rsatishadi, kambag‘allik esa boshqalarga nisbatan aynan nogironligi borlar orasida ko‘proq kuzatiladi.

Va bunga asosiy sabab – sog‘lom insonlar uchun odatiy xizmatlar – tibbiyot, ta'lim, transport, bandlik kabilarda nogironligi borlarning imkoniyatlari haddan ortiq cheklanganidadir.

Ahamiyatli jihati, hozir yer yuzida insoniyat tarixidagi har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq nogironlik holatlari mavjud. 1970 yilda o‘tkazilgan global tadqiqot natijalariga ko‘ra, sayyora aholisining 10 foizida nogironlik holatlari borligi aniqlangan, bugun esa bu ko‘rsatkich 15 foiz, ya'ni 1 mlrd.dan ziyod kishi.

Hech kim nogironlikdan to‘la kafolatlanmagan. U hayoti davomida surunkali kasalliklar yoki baxsiz hodisa bois nogironlik orttirishi, hali tibbiyotga ham ma'lum bo‘lmagan sabablar bilan nogiron bo‘lib dunyoga kelishi mumkin.

Bu aksioma – atrofimizda har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lib keladigan, ammo biz o‘zimizni eshitmagan, ko‘rmaganga soladigan, o‘zimizdek teng huquqqa ega bo‘lgan insonlar taqdiri haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga undaydi.

Hayot davomida orttiriladigan nogironlikdan to‘la himoyalanish imkonsiz. Ammo tug‘ma nogironlikning yuzaga kelishida aksar hollarda ota-onaning ta'siri ham bo‘ladi. Natijadan esa hamma, ayniqsa begunoh go‘dak qiynaladi.

Shu bois har bir inson kelajak avlod oldida mas'uliyatni his qilgan holda nasl zanjirini davom ettirishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishi, bunda nimalarga amal etishi kerakligini bilishi lozim.

Tug‘ma nogironlik tufayli bir yilda 303 mingdan ziyod bola hayotining birinchi to‘rt haftaligida vafot etadi.

50 foiz holatda tug‘ma nogironlik sabablarini bilib bo‘lmaydi. Ammo tibbiyot bunday anomaliyalarning paydo bo‘lishi ehtimolini oshiruvchi qator omillarni aniqlagan.

Ijtimoiy-iqtisodiy omillar

To‘laqonli yashash uchun resurslar yetishmaydigan mamlakatlar va oilalarda tug‘ma nogironlik holatlarining yuqoriligi aniqlangan.

Og‘ir ko‘rinishdagi tug‘ma nogironlikning 94 foizi aholi daromadi o‘rtacha yoki o‘rtachadan past bo‘lgan davlatlarda kuzatiladi. Chunki bunday sharoitda ayollarning sifatli va to‘yimli ovqatlanish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati pasayadi. Doimiy depressiv kayfiyat hukm suradi.

Genetik omillar

Qonning aralashuvi (yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh) tug‘ma nogironlikning asosiy va eng ko‘p kuzatilgan sabablaridandir.

Shuningdek, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan bo‘lgan homiladorlikda homilaning nobud bo‘lishi, chaqaloqning ilk oylardagi o‘limi, aqliy zaiflik ehtimoli ikki baravargacha oshadi.

Erta yoki kech tug‘uruq

Erta yoshdagi homiladorlik bolaning jismoniy yetishmovchilik bilan tug‘ilish ehtimolini paydo qiladi. Kech tug‘uruq esa Daun sindromi kabi xromosoma anomaliyalari bo‘lgan bolaning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Infeksiyalar

Sifilis, qizamiq singari infeksiyalarni boshdan kechirgan onalarda homilaning rivojlanishida o‘zgarishlar bo‘lish ehtimoli ortadi.

Onaning to‘yib ovqatlanmasligi

Onadagi yod, foliy kislotasi va boshqa vitaminlar yetishmovchiligi, semizlik, qandli diabet holatlari ham nosog‘lom homilaga olib kelishi mumkin.

Ota yoki onadagi alkogolizm va tamaki chekish esa tug‘ma nogironlikning asosiy aybdorlari hisoblanadi.

Ekologik omillar

Radioaktiv nurlanish, havoda kimyoviy zararli moddalar nisbatining yuqori bo‘lishi, kon, chiqindi poligoni, kimyoviy zavodlar hududida yashash ham tug‘ma nogironlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Inson hayoti davomida qabul qiladigan noto‘g‘ri qarorlarning ayrimlari uchun nafaqat o‘zi, balki avlodlari ham tovon to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa kelajak oldidagi mas'uliyatni his qilish, nogironlarni himoya qilishgina emas, nogironlikni paydo qiluvchi sabablar bilan kurashish kerak. Har bir go‘dakning to‘laqonli hayot kechirishga haqqi bor.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid