O‘zbekiston | 18:02 / 19.08.2025
14517
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

U dastlabki sud majlisidagi nutqida jamoat tartibiga tahdid soladigan va adovat qo‘zg‘atadigan materiallarni tarqatganlikka oid ayblovlarni rad etdi. Tegishli ruxsatsiz diniy materiallar tarqatganini esa O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmagani bilan izohladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

19 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqila boshlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, jinoyat ishi sudya Bobur Rahimov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Sud boshlanishi arafasida sud zaliga audio va videoyozish vositalarini olib kirishga ruxsat berilmadi. Natijada Mubashshir Ahmad va uning advokatlari sudyadan jurnalistlarning ochiqlik prinsipiga asosan sud jarayonida bu texnikalardan foydalanishiga ruxsat berishini iltimos qildi. Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev esa sud jarayoni haqida har xil noto‘g‘ri talqinlar bo‘lmasligi uchun ruxsat bermaslikni so‘radi.

Sudyaning ajrimiga ko‘ra, sud jarayoni ochiq o‘tadi – unda OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin, lekin audio va foto-videolarni yozib olish taqiqlandi.

Shundan so‘ng prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda:

  • 244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
  • 244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
  • 156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.

Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida diniy materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatisiz tarqatganini tasdiqladi va ruxsat olmaganini O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmagani bilan izohladi.

U, shuningdek, qolgan ikkita modda bo‘yicha ayblovni ham tan olmasligini bildirdi.

Keyingi sud majlisi 8 sentabrga belgilandi. Unda ekspertlar ishtiroki kutilyapti.

Ma’lumot uchun, 51 yoshli Alisher Tursunov ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol. Diniy ulamo O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.

U bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. Joriy 8 may kuni Istanbulda qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

Mavzuga oid