Iqtisodiyot | 15:26 / 13.11.2019
29791
3 daqiqa o‘qiladi

«YeOIIga kirish boshqa mintaqalar bilan savdo yuritishni murakkablashtiradi» - XVJ vakili

Yuxa Kyaxkonen (arxiv foto)

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgan taqdirda ham, dunyoning barcha mamlakatlari bilan savdo uchun ochiq bo‘lib qolishi kerak, deb hisoblaydi Xalqaro Valuta Jamg‘armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori o‘rinbosari Yuxa Kyaxkonen.

XVJ vakili 12 noyabr kuni Toshkent Moliya institutida o‘tkazilgan «Kavkaz va Markaziy Osiyo: mintaqaviy iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari» hisoboti taqdimotidan keyin berilgan savolga javoban ana shunday fikr bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Har qanday tashkilotda bo‘lgani kabi uning ham o‘z ijobiy va salbiy jihatlari mavjud. Istiqboldagi afzalliklar haqida gapiriladigan bo‘lsa, ulardan ko‘pchiligi iqtisodiy muhitning yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Xususan, mehnat mobilligi ortadi. Bu Rossiyada ishlashni istaydigan O‘zbekistondan borgan ishchilar uchun juda muhim omil sanaladi.

Fakt shuki, mazkur ittifoq doirasida mamlakatlar o‘rtasida bojxona tariflari qo‘llanmaydi. Bu – mintaqaning o‘zida ularning bir-birlari bilan savdo qilishida turtki bo‘luvchi omilga aylanadi.

Boshqa tomondan, dunyoning boshqa davlatlari bilan savdo qilish uchun YeOIIning o‘z tariflari bo‘ladi. Bu esa boshqa mintaqalar bilan savdo yuritishni murakkablashtiradi. Agar Rossiyadagi o‘sish hisobga olinadigan bo‘lsa, uning yuqori emasligidan kelib chiqib, global tariflarning mavjudligi fakti ayniqsa yaqin muddatli istiqbolda ko‘proq salbiy hisoblanadi.

Shuning uchun agar O‘zbekiston YeOIIga kirishga qaror qilsa, o‘zining barcha savdo chegaralari ochiqligini saqlashi, ya'ni savdo operatsiyalaridan maksimal foyda olish uchun dunyoning barcha mintaqa va mamlakatlari bilan savdo qilishga ochiq bo‘lib qolishi juda muhim», – dedi Yuxa Kyaxkonen.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida O‘zbekiston rasmiylari YeOIIga qo‘shilish masalasini uch yildan buyon ko‘rib chiqayotgani ma'lum bo‘lgan edi.

Mamlakatni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston 2019-2021 yillar oralig‘ida YeOII a'zolari bilan erkin savdo kelishuvini imzolashi, 2022-2025 yillarda esa YeOIIga a'zo bo‘lib kirish bo‘yicha izchil tadqiqotlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Rossiyadan boshqa a'zo davlatlarning savdo balansi manfiy — YeOII haqida faktlar so‘zlaganda

YeOIIga a'zo bo‘lish migrantlar hayotini yengillashtirishi haqida bong urilmoqda. Aslida-chi?

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi «yangi Yevropa ittifoqi» bo‘la oladimi?

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi kerakmi? — mutaxassis fikri

Siyosatshunos: O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishidagi 5 salbiy nuqta

Mavzuga oid