Jamiyat | 17:37 / 16.10.2022
34824
5 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: Ikki oyoqsiz ham baxtli yashashni O‘lmasjondan o‘rganish kerak

Yetti oylik chaqaloq sandaldagi cho‘g‘ga tushib ketadi. Shifokorlar bolani saqlab qolishning yagona yo‘li uning oyoqlarini kesib tashlash degan xulosaga kelishadi. 35 yoshga kirgan O‘lmasjon sog‘lom odamlardek mehnat qiladi va to‘rt muchasi omon ba’zi tengdoshlaridan yaxshi yashaydi.

O‘lmasjon oyog‘idagi nuqson sabab maktabga bora olmadi. Tahsilni uyida oldi. Aynan baxtsiz hodisa sabab ota-onasi ajrab ketdi. U otasiz ulg‘aydi.

“1988 yil 27 dekabrda sandal to‘la cho‘g‘ga tushib ketib kuyish natijasida ikki oyog‘imning tizza qismiga shikast yetgan. Shifokorlar oyog‘imni kesib tashlashga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytda chaqaloq bo‘lganim uchun bo‘lib o‘tgan mudhish voqeani eslay olmayman. Ota-onamdan eshitganman. Vaqti kelib tengdoshlarim maktabga chiqishdi. Men esa ta’lim dargohiga bora olmadim. O‘qituvchilar uyimizga kelib dars berib ketishar edi. Do‘stlarim qatori maktabga borib dars olish ushalmas orzularimdan biri bo‘lib qoldi.

18 yoshga to‘lganimda o‘qishga kirishga qaror qildim. Farg‘ona shahridagi nogironlar kollejida tahsil oldim.

Otamni 19 yoshga kirganimda taniganman. Baxtsiz hodisadan kuyib oyog‘imdan ajraganimdan keyin o‘rtaga sovuqchilik tushib, ota-onam ajrashib ketishgan. Otam Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qilgan. 19 yoshga to‘lganimda, oyog‘imga protez kiyishni boshlaganimda otamni topdim. U bilan uchrashganmiz. Oxiratlari obod bo‘lsin. 2018 yilda otam vafot etdi. Yaratgan menga ikki o‘g‘il berdi”­, – deydi u.   

Tasalli...

Har kuni tizimli reja asosida ishlayman. Asalarichilik asosan mart oyidan boshlanadi. Ungacha zerikib qolmaslik uchun issiqxonaga bodring ekib parvarishlayman. Tomorqa yerini ag‘daraman. Skuterimda qo‘shnilarning yumushini qilib beraman.

Nogironlik bilan esimni tanidim. Tabiiy oyoqda yurib “mazza” qilmadim. Yaratganga shukr, shunday bo‘lsa-da, holatim o‘zimga ma’qul keladi. Aynan nogironligim, oyog‘im yo‘qligi uchun armon qilmayman. Chunki bu arziydigan narsa emas.

Yoshi katta bir inson nasihat qilgan edi. Sen oyog‘ing bilan emas ong, aql-idroking bilan yashaysan, deb. Agar shunday bo‘lsa qo‘li, oyog‘i yo‘q yoki ko‘zi ojiz kimsa bu dunyoda bo‘lmas edi. Tushkunlikka tushganimda shu insonning gapi tasalli beradi. Vaziyatdan chiqib ketish uchun kitoblar o‘qishga harakat qilaman.

Protezda ichingizni nimadir “chaqib” turadi...

Protez kiyishga har doim ham zaruriyat tug‘ilmaydi. Ayniqsa hovli ichida. Skuter minib tashqariga chiqqan paytimda xavfsizlik nuqtai nazaridan tormoz bosish uchun protez oyoqni kiyib olaman. Oyog‘ingiz og‘rimaydimi, degan savollarni ko‘p berishadi. Buni protezi bor insonlar biladi. Protez kiyganda oyoqda albatta og‘riq bo‘ladi. Ichingizni nimadir “chaqib” turadi. Biror joyga yaxshi kayfiyatda bormaysiz. Protezda kimdir sizga hazil qilgudek bo‘lsa, shu narsani ko‘tara olmay qolishingiz mumkin. Negaki bir a’zongiz og‘rib turgandan keyin ortiqcha gap yoqmaydi.

Nogironlik mavzusida hazil qilishsa buni to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman. Qo‘shni bolalar o‘rganib ketishgan. Lekin mehmon bolalar mahallaga kelib qolishsa yoki o‘g‘limning do‘stlari nega oyog‘ingiz orqaga qaragan, deb savol berishadi. Ularga holatni to‘g‘ri tushuntirishga harakat qilaman.

Jismoniy harakat qilmaslik men uchun hayotda to‘xtab qolishdek gap. Agar ishlamasam, zerikib qolaman. Ishlasam ham manfaatli, ham vaqtni mazmunli o‘tkazishda ko‘mak bo‘ladigan yumush bilan shug‘ullanaman.

Armon...

2018 yil 1 dekabr kuni to‘satdan singlim qo‘ng‘iroq qilib otamning sizda gapi bor ekan, kelar ekansiz, deb qoldi. Ota chaqirgandan keyin farzand uning huzuriga “uchib” borishi kerak emasmi?! Qishning izg‘irin pallasi. Protez kiyish noqulay. Uning ustiga oyog‘im og‘rib turgandi. Singlimga otam mendan xafa bo‘lmasligini, yonlariga bora olmasligimni aytdim.

16 dekabr kuni otam vafot etdi. Umrimda birinchi marta otam meni chaqirdi. Lekin bora olmadim.

Ichimda tinchlik bermaydigan, doim qiynaydigan dard bor. Farzand tug‘ilgandan keyin uzog‘i 2 yilda o‘zi mustaqil ravishda yurib keta oladi. 10 yoshga kirgunimcha onam meni yelkasida ko‘tarib opichlab katta qildi. Onamni Hajga jo‘natishni orzu qilaman. Haligacha farzandlik burchini bajara olmaganim men uchun armon. Onamga xizmat qilishim kerak...

O‘lmasqo‘zi Jumayevga yordam berishni istagan yurtdoshlarimiz uchun: 8600 0211 0277 7177 (JUMAYeV ULMASKUZI)

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid