O‘lmasjon oyog‘idagi nuqson sabab maktabga bora olmadi. Tahsilni uyida oldi. Aynan baxtsiz hodisa sabab ota-onasi ajrab ketdi. U otasiz ulg‘aydi.

“1988 yil 27 dekabrda sandal to‘la cho‘g‘ga tushib ketib kuyish natijasida ikki oyog‘imning tizza qismiga shikast yetgan. Shifokorlar oyog‘imni kesib tashlashga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytda chaqaloq bo‘lganim uchun bo‘lib o‘tgan mudhish voqeani eslay olmayman. Ota-onamdan eshitganman. Vaqti kelib tengdoshlarim maktabga chiqishdi. Men esa ta’lim dargohiga bora olmadim. O‘qituvchilar uyimizga kelib dars berib ketishar edi. Do‘stlarim qatori maktabga borib dars olish ushalmas orzularimdan biri bo‘lib qoldi.

18 yoshga to‘lganimda o‘qishga kirishga qaror qildim. Farg‘ona shahridagi nogironlar kollejida tahsil oldim.
Otamni 19 yoshga kirganimda taniganman. Baxtsiz hodisadan kuyib oyog‘imdan ajraganimdan keyin o‘rtaga sovuqchilik tushib, ota-onam ajrashib ketishgan. Otam Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qilgan. 19 yoshga to‘lganimda, oyog‘imga protez kiyishni boshlaganimda otamni topdim. U bilan uchrashganmiz. Oxiratlari obod bo‘lsin. 2018 yilda otam vafot etdi. Yaratgan menga ikki o‘g‘il berdi”, – deydi u.
Tasalli...
Har kuni tizimli reja asosida ishlayman. Asalarichilik asosan mart oyidan boshlanadi. Ungacha zerikib qolmaslik uchun issiqxonaga bodring ekib parvarishlayman. Tomorqa yerini ag‘daraman. Skuterimda qo‘shnilarning yumushini qilib beraman.


Nogironlik bilan esimni tanidim. Tabiiy oyoqda yurib “mazza” qilmadim. Yaratganga shukr, shunday bo‘lsa-da, holatim o‘zimga ma’qul keladi. Aynan nogironligim, oyog‘im yo‘qligi uchun armon qilmayman. Chunki bu arziydigan narsa emas.
Yoshi katta bir inson nasihat qilgan edi. Sen oyog‘ing bilan emas ong, aql-idroking bilan yashaysan, deb. Agar shunday bo‘lsa qo‘li, oyog‘i yo‘q yoki ko‘zi ojiz kimsa bu dunyoda bo‘lmas edi. Tushkunlikka tushganimda shu insonning gapi tasalli beradi. Vaziyatdan chiqib ketish uchun kitoblar o‘qishga harakat qilaman.



















