O‘zbekiston | 09:23 / 17.07.2020
50035
12 daqiqa o‘qiladi

Yangi agentlik O‘zbekistonda korrupsiyani jilovlay oladimi? – Akmal Burhonov bilan intervyu

O‘zbekistonda yangi tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 15 iyul kuni direktor tayinladi. So‘nggi vaqtlarda «Yuksalish» umummilliy harakati raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Akmal Burhonov prezident qarori bilan bu lavozimni egalladi.

Kun.uz Akmal Burhonov bilan agentlik faoliyati yuzasidan rejalari, korrupsiya, nepotizm, lobbizm, ofshor masalalari va jamiyatdagi boshqa muammolar yuzasidan intervyu uyushtirdi.

– Korrupsiya o‘zbek milliy mentalitetiga singib ketgan illat. Afsuski, bu masalaga duch kelinganda oddiygina qilib «o‘zbekchilik» deyiladi. O‘zbekchilik tushunchasi korrupsiya so‘zi bilan sinonimga aylanib ketgan desa ham bo‘ladi. Bu juda og‘ir vaziyat va shunday murakkab vaziyatda ishni nimadan boshlamoqchisiz?

– O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha alohida mustaqil tuzilmaning tashkil etilishi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tashlangan eng katta qadamlardan biri desak bo‘ladi. Avval ham korrupsiyaga qarshi kurashilgan, turli tuzilmalar bo‘lgan, bu ishlar asosan huquqni muhofaza qilish organlari huzurida tashkil etilgan, asosan jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish bilan shug‘ullanishgan. Yoki respublika komissiyalari bo‘lgan va ular jamoatchilik asosida ishlashgan. Alohida agentlik tashkil etilishini O‘zbekistonda korrupsiyaga qarish kurash bo‘yicha olib borilayotgan ochiqlik siyosatning mantiqiy davomi desak bo‘ladi. Dastlab davlat idoralari faoliyatining ochiqligi, ularning parlament oldida hisob berish amaliyotining yo‘lga qo‘yilgani birinchi qadam bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tizimi paydo bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tuzilgani davlatning eng katta siyosiy irodasi. Bu bir tomondan, mamlakat bu illat o‘zida chuqur ildiz otganini tan olgani bo‘lsa, ikkinchi tomondan davlat rahbari darajasida korrupsiyaga qarshi kurashish kerakligi va buning uchun tuzilmaning tashkil etilgani bo‘ldi.

Tan olish kerak, barcha mamlakatlarda korrupsiya bor, hech qaysi davlatda korrupsiya tamomila yo‘q deb ayta olmaymiz. Davlatlar bir-biridagi korrupsiya darajasi bilan farqlanishi mumkin. Bizda, afsuski, eng quyi pog‘onadan tortib, eng yuqori darajagacha korrupsiya holatlari mavjud va ayrim sohalarda bu hattoki mentalitet, «o‘zbekchilik» sifatida ham baholanadigan bo‘lib qolgan. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak.

Bu tamomila yangi tashkilot, yangi tizim. Bu tashkilot boshqa davlat idoralari uchun o‘rnak bo‘lishi kerak – xodimlarni ishga olishdan tortib, ularning faoliyati, OAV va jamoatchilik uchun ochiqligi, har bir qadamigacha.

Birinchi navbatda, xalqaro standartlar va shaffoflik mexanizmi asosida tashkilotni tuzib olish kerak. Bu O‘zbekiston uchun yangi tuzilma bo‘lgani bois o‘zimizning oldingi tajribani emas, xorij tajribasini o‘rganish muhim. Janubiy Koreya, Singapur, Yevropaning rivojlangan davlatlari tajribasini o‘rganishni boshlaymiz. Hozirda xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar boshlab yuborildi. Ular ham hamkorlikka tayyorliklarini bildirishdi.

Ikkinchidan, bizdagi boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik. Birinchi o‘rinda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi turibdi.

Uchinchidan, o‘zimizning aniq rejalarimizni ishlab chiqmoqchimiz. Bu rejani korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy kengash bilan maslahatlashgan holda amalga oshiramiz.

Maqsadimiz korrupsionerlarni topib jazolash emas. Afsuski, hozirgacha korrupsiya holatlari tahlil qilinmagan. Nima uchun poraxo‘rlik holatlari OAVda ko‘rsatilayotganiga qaramay, jazo choralariga qaramay davom etmoqda?! Biz buning tahlilini boshlashimiz kerak. Fuqarolarning fikrini o‘rganish bo‘yicha yetarlicha so‘rov va tadqiqotlar o‘tkazilgan. Fuqarolarning fikrini umumlashtirib aytganda – O‘zbekistonda korrupsiya ildiz otib ketgan, buni yengib bo‘lmaydi. Bu lavozimga tayinlanganim haqidagi xabarlar chiqqanda ham ijtimoiy tarmoqlarda bu ish juda qiyinligi, eplolmaydi, tizim yeb yuboradi, agentlik ishlasa ham eng past bo‘g‘indagi holatlarni o‘rganadi, lekin asosiy nahanglar yana chetda qolib ketadi, degan fikrlar ham bildirildi. Ataylab shunaqa yosh, tajribasiz kadr qo‘yilgan deganlar ham bo‘ldi. Xalqning fikri bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish shart emas, buning natijasi hammaga ma'lum. Yoki bo‘lmasa siyqasi chiqib ketgan targ‘ibot-tashviqot ishlari ham ish bermaydi.

Birinchi o‘rinda, qonunchilikda, tizimda nima sharoit yaratib berganmiz – mana shuni tahlil qilib berish. Aniq vazifalar davlat rahbarining 29 iyundagi qarorida ham belgilab o‘tilgan. Mana shu vazifalarni amalga oshirishga kirishamiz.

– O‘zbekistonda hokimiyatlarning bo‘linish prinsipi normal darajada ishlamaydi. Chunki ular bir-birining ustidan to‘la nazorat o‘rnatmagan, yoki boshqacha aytganda barcha nazorat amalda ijro organi vakolatida bo‘lib qolyapti. Nazarimda, bu sizni faoliyatingizda bosh muammo. Demoqchimanki, ularning normal ishlamasligi sizning tashkilotingiz faoliyatini baribir kuchsizlantiravermaydimi?

– Korrupsiya holatlariga eng ko‘p yo‘l qo‘yilayotgan nuqtalar mahalliy davlat hokimiyati idoralari ekanligini ko‘ryapmiz. Senat raisi rahbarligida 44ta a'zodan korrupsiyaga qarshi kurash milliy kengashi tashkil etildi. Ularning orasida huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, jamoatchilik organlari vakillari ham kiritilgan. Va har bir hududda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha komissiya tuzilgan. Bu kengashlarning rahbarlari hokimlar hisoblanadi. Ma'lumki, hokimlar va vazirlar parlament oldida hisob berishadi. Ular hisobot berishidan avval o‘sha hududning korrupsiyaviy holatini o‘rganib, bu masala bo‘yicha ularning alohida hisobotini eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Prezident farmonida agentlikka katta vakolat berilgan – davlat hokimiyati idoralari rahbarlari tomonidan chiqarilgan qarorlarga nisbatan korrupsion nuqtayi nazardan shubha bo‘ladigan bo‘lsa, agentlik ularni to‘xtatib turish yoki bekor qilish xususida taqdimnoma kiritish vakolatiga ega.

Yana bir marta aytaman – asosiysi tahlil. Biz korrupsiogen vaziyatni qonunchilikda yaratib qo‘yganmiz. Qayerdadir ijro hokimiyatiga ko‘proq vakolat berib qo‘yganmiz. Oddiy misol. Bitta idoraga ishga kirish uchun bitta o‘ringa 10ta nomzod bo‘lsa, bo‘ldi – korrupsiogen vaziyat bor, bundan kimdir foydalanib qolishga harakat qiladi. Buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Shaffof mexanizmni yaratish kerak. Bunaqa holatlar juda ko‘p – maktab direktorligiga qo‘yishdan tortib, kichik ishchi o‘rinlarigacha – talab bormi, demak, u joyda korrupsiogen vaziyat tug‘iladi.

Agentlikning asosiy maqsadi mansabdor shaxslarda korrupsiyadan uzoqlashtirish va korrupsiya imkoniyatlarini qiyinlashtirish. Buning uchun biz ularga sharoit yaratmasligimiz kerak.

– Bizda davlat hokimiyati idoralaridagi eng katta illatlardan biri nepotizm, ya'ni qarindosh-urug‘chilik. Bu holat hatto eng yuqori organlarda ham saqlanib qolyapti. Shu jihatdan muammolar yechimini qanday ko‘rasiz va agentlik nepotizm bilan kelgusida qanday kurashadi?

– Aslida davlat boshqaruvi organlarida nepotizmni yo‘q qilish nisbatan osonroq. Lekin biz qarindosh-urug‘chilikni yo‘qotish qiyin deb aytishga o‘rganib qolganmiz. Boshqaruv sohasida kadrlarni qo‘yishda aniq, shaffof mexanizmlar bo‘lishi kerak. Bu yo‘nalishda Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi ishlayapti, biz ham ishlaymiz. Birinchi o‘rinda aniq mezonlar va talablar qo‘yilishi kerak. O‘sha joyda haqiqatan loyiq kadrlar qo‘yilishi kerak.

Nepotizm illati bizda keng urchigan. Achinarli jihati, o‘saman degan, malakali kadrlar buning natijasida so‘nib boradi. Baribir ilgari harakatlana olmayman, degan fikr paydo bo‘ladi. Xorijda o‘qigan ko‘plab malakali tanishlarim bor. Lekin ular kelishga qo‘rqishadi. Chunki mening tanishim yo‘q, qarindoshim yo‘q, degan fikr o‘rnashib qolgan.

Misol uchun, Yaponiyada biron ishga kirsangiz, qanday ishlasangiz, 10 yildan keyin o‘zingizni qayerda ko‘rishingizni bilasiz. Aniq tartib-qoida bor. Mana shu tartib bo‘yicha ishlasa, mana shu mezonlarga javob bersa, 10 yildan keyin qayerda bo‘lishini aniq biladi va shunga qarab intiladi. Asosiysi, u 10 yildan keyin yaxshi ishlamagani uchun lavozimidan pasaytirilishi mumkin, lekin tajribasi borligining hisobiga ham oyligi hatto rahbarnikidan baland bo‘lishi mumkin. Biz ham mana shunday tizimni yaratishimiz kerak.  Nepotizmni yo‘qotish boshqa sohalarda – biznesda va boshqa yo‘nalishlarda qiyin, lekin aynan davlat boshqaruvida mansabdor shaxslarni tayinlashning qonuniy asoslarin takomillashtirgan, tizimni yaratgan holda buning oldini olsa bo‘ladi.

– Korrupsiyaga qarshi kurashning eng yaxshi misollaridan biri sifatida Gruziya tajribasi ko‘rsatiladi. Bugun bizda ham korrupsiyaga qarshi kurashda aynan Gruziyadagi kabi radikal islohotlarga zarurat bor.

Sizningcha, xalq kutayotgan bu islohotlar amalga oshishi yangi agentlik misolida qanchalik real orzular?

– Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa davlatlarning ham yaxshi tajribasi mavjud, lekin Gruziya bizga har tomonlama – geografik, tarixiy, mentalitet jihatdan yaqin. Lekin shunday mentalitet bo‘lishiga qaramay ular bu sohada ancha ilgarilab ketishdi. Ammo biz korrupsiyani qabul qilish indeksida 180ta davlat orasida 158-o‘rindamiz. Gruziyada esa 2007 yilda Saakashvili davrida islohotlar boshlandi. O‘sha paytda Gruziya bu indeksda 79-o‘rinda bo‘lgan. 2008 yilda ularda ham biznikiga o‘xshagan korrupsiyaga qarshi kengash tashkil etilgan. Bugun ular mazkur indeksda 42-o‘rinda – 37 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Kengash yoki agentlik bo‘lsa ko‘tarilib ketamiz, degan ma'noda aytmoqchi emasman. Gruziyada radikal choralar ham ko‘rilgan – javobgarlikni kuchaytirish, u yoki bu sohani to‘laligicha ishdan bo‘shatib, qaytadan tanlov asosida ishga olish masalasi, oylikni oshirish masalasi ham bor. Ular ishga olishda, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolar bilan davlat o‘rtasida inson omilini yo‘qotishga harakat qilishgan. Boshqa davlatlar qatorida Gruziya tajribasini ham o‘rganyapmiz.

O‘zim ham qaysidir nuqtalarda keskin, revolyutsion choralarning ko‘rilishi tarafdoriman. Birinchidan, pora olish va pora berish jinoyatlari uchun javobgarlikni keskin ko‘paytirish kerak. Qayd etish kerakki, korrupsiyaning faqat pora olish va pora berish emas, boshqa yo‘nalishlari ham bor. Masalan, davlat xaridlarini amalga oshirishda. Lekin ularning javobgarligi juda ham kam. Iqtisodiy jinoyatni amalga oshiradi, jarimasini to‘lasa, javobgarlikdan qutulib qolaveradi. Yoki 10 yilga qamaladi-da, amnistiya bilan 1-2 yilda chiqib ketadi. Korrupsion jinoyatlar bo‘yicha jinoyatchilarga afv bermaslik, amnistiyaga tushirmaslik masalasini qonunchilikka kiritish masalasini ham ko‘rib chiqamiz.

Shunday choralardan yana biri davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish, manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash sanaladi. Bu qonun loyihasi ustida ishlanyapti. Yil yakunigacha bu qonun qabul qilinsa, keskin o‘zgarish bo‘ladi.

Davlat xaridlarini nazorat qilish va xalqaro yordamlar, qarzlar taqsimotini aniq nazorat qilish mexanizmlarining o‘rnatilishi ham keskin choralardan biri bo‘ladi.

Intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi,

Tasvirchi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid