DXX raisi Bahodir Qurbonov o‘tgan haftadagi chiqishida korrupsiyani O‘zbekiston uchun eng asosiy 4 ta tahdiddan biri deb ko‘rsatgan edi. Xo‘sh, bu baloni daf qilish nimalar qilinishi kutilyapti? Prezident farmoni bilan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘zgarishlar belgilab berildi.
Katta loyihalar – lupa ostida
Farmon asosida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yangi vakolatlar berildi.
Jumladan, agentlik bundan buyon xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda korrupsiyaviy omillar, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olishga mas’ul bo‘ladi.
Tashqi manbalar hisobidan qilinadigan loyihalar ko‘pincha mayda-chuyda emas, millionlab yoki milliardlab dollarlik yirik loyihalar bo‘lishini inobatga olsak, bu – Agentlikning yangi vakolatlari ichida eng muhimlaridan biri ekani oydinlashadi.
Yashirin hujjatlar
Berilgan topshiriqqa ko‘ra, Agentlik vazirlar, hokimlar va boshqa mansabdorlar chiqarayotgan qarorlar va buyruqlarning keng jamoatchilikdan asossiz ravishda yashirib qo‘yilishiga chek qo‘yishi kerak. Bu yerda gap E-qaror tizimi haqida ketyapti. Farmon bilan, Akmal Burhonov rahbarligidagi idoraga E-qaror tizimida ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirlar choralarni qo‘llash vakolati berildi.
“Respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni E-qaror elektron tizimida asossiz ravishda e’lon qilmaslik – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi”, – deyiladi farmonda.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldagi normativ hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayonini muvofiqlashtirish vakolatini ham oldi. Bungacha agentlik asosan yangi ishlab chiqilayotgan hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazib kelayotgan edi. Endi esa, allaqachon qabul qilingan va hozir amal qilib kelayotgan minglab hujjatlar ham ekspertizaga tortilishi mumkin. Ularda korrupsion xavf-xatarlar aniqlangan taqdirda, Agentlik bu haqda Prezident administratsiyasiga axborot kiritadi.






